"O‘zarxiv"ning 8 oylik faoliyati tahlil qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligida ijro intizomini ta’minlash hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda agentlik axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev tomonidan ijro intizomini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining sohaga tegishli farmon va qarorlari asosida agentlikda ijro intizomini mustahkamlash, qonunlar, davlat rahbari va Hukumat hujjatlarida belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Topshiriqlarning bajarilishi har kuni tizimli ravishda monitoring qilib borilmoqda. Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, har haftada kamida ikki marta topshiriqlarning ijrosi va murojaatlar bilan ishlash holati rahbariyat ishtirokida muhokama qilib borilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan 8 oy holatiga agentlikka qonunlar hamda Prezidentimiz hujjatlari bilan bog‘liq jami 125 ta topshiriq kelib tushgan. Ularning 82 tasida Agentlik asosiy ijrochi, 43 tasida esa qo‘shimcha ijrochi sifatida belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hujjatlari bilan bog‘liq jami 15 ta topshiriq kelib tushgan. Ularning 5 tasida Agentlik asosiy ijrochi, 10 tasida qo‘shimcha ijrochi sifatida belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan bog‘liq jami 26 ta topshiriq kelib tushgan bo‘lib, ularning 23 tasida Agentlik asosiy ijrochi, 3 tasida esa qo‘shimcha ijrochi sifatida belgilangan.
Mazkur topshiriqlarning barchasi belgilangan muddatlarda sifatli ijro etildi. Ularning ijrosini tasdiqlovchi hujjatlar “Ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron tizimiga kiritilib, nazorat qiluvchi organlar tomonidan kelishildi.
Ijro intizomini ta’minlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida tegishli ma’lumotlar muntazam ravishda “O‘zarxiv” agentligining rasmiy veb-saytiga joylashtirib borilmoqda.
Endi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash masalasi yuzasidan “O‘zarxiv” agentligi tomonidan murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, aholining ariza va shikoyatlariga sabab bo‘layotgan tizimli muammolarni o‘rganish va tahlil qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi.
Shuningdek, “O‘zarxiv” agentligi va uning tizim tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati tanqidiy o‘rganilib, samaradorlikni oshirish bo‘yicha aniq va manzilli chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Hududlardan kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilish, murojaatlar ko‘payishiga sabab bo‘layotgan masalalar va tizimli muammolarni inobatga olgan holda Agentlikning 2026-yil II yarim yilligi uchun sayyor qabul o‘tkazish reja-jadvali ishlab chiqildi va axborot tizimiga kiritildi.
Joriy yilning iyun oyida ushbu reja-jadval asosida Surxondaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasida sayyor qabul o‘tkazildi. Qabulga kelgan fuqarolarning aksariyati nafaqaga chiqish uchun ishlagan davridagi ish staji va oylik ish haqini tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomalarini, shuningdek, uy-joyga oid qarorlarni olish masalasida murojaat qildi. Ushbu murojaatlar joyida hal etildi.
Joriy yilning 27-avgust kuni “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning muammolarini o‘rganish hamda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida Agentlik binosida shaxsiy qabul o‘tkazildi. Qabul davomida fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlar har tomonlama va batafsil ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, muammolarni hal etish yuzasidan aniq choralar belgilandi. Shuningdek, murojaatchilarga amaliy yordam ko‘rsatilib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA