O‘zbekiston va Yaponiya energetika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasi delegatsiyasi “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJda bo‘lib, korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari va istiqbolli loyihalari bilan tanishdi.
Tashrif davomida 450 MVtlik bug‘-gaz qurilmasi, “Kelajak energetikasi” o‘quv markazi hamda qurilayotgan 650 MVtlik yangi bug‘-gaz qurilmasi loyihasi ko‘zdan kechirildi.
Mehmonlarga stansiyadagi zamonaviy texnologiyalar, energiya samaradorligini oshirish va yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha ishlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda texnologiya va tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda yangi investitsiyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ axborot xizmatiga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida energetika sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA