Nigohlarda g‘urur: ochiq eshiklar kuni taassuroti
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri nafaqat bir kunlik uchrashuv, balki ruhiyatni uyg‘otuvchi, Vatanga muhabbatni yanada mustahkamlovchi ma’naviy maydonga aylandi.
Mazkur tadbirda Nukus shahridagi kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari faol ishtirok etib, yosh avlod uchun chinakam jasorat, matonat va fidoyilik timsolini namoyon etdi. Harbiy texnika va zamonaviy qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi yoshlar uchun nafaqat qiziqarli tomosha, balki mamlakat qudrati va uning himoya salohiyatini anglash imkoniyatini berdi. Bu temir va po‘latdan yasalgan vositalar ortida Vatan tinchligini asrayotgan mard o‘g‘lonlarning kuchi va jasorati mujassam ekanini yoshlar teran his etdilar.
Qo‘l jangi ustalarining chiqishlari esa haqiqiy mahorat va intizom maktabi bo‘ldi. Har bir harakat, har bir muvaffaqiyat ortida yillar davomida to‘plangan tajriba, iroda va matonat mujassam edi. Bu chiqishlar yoshlarni nafaqat hayratga soldi, balki ularda kuchli bo‘lish, o‘z ustida ishlash, Vatan himoyasiga tayyor turish kabi oliyjanob intilishlarni uyg‘otdi.
Harbiy orkestr sadolari ostida yangragan kuylar, iste’dodli yoshlar tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar esa tadbirga alohida ruh bag‘ishladi. Bu kuy-qo‘shiqlar yuraklarga kirib borib, har bir tinglovchini o‘z yurti, o‘z tuprog‘i, o‘z bayrog‘i bilan faxrlanish tuyg‘usini mustahkamladi.
Tadbir doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari, keng jamoatchilik vakillari va yosh harbiy xizmatchilar faol qatnashib, o‘zlarining Vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga erishdilar. Ko‘rgazmali mashg‘ulotlar, davra suhbatlari orqali yoshlar harbiy xizmatning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglab, o‘z bilim va ko‘nikmalarini boyitdilar.
Bu tadbir kelajak posbonlarini tarbiyalaydigan ma’naviy maktab, Vatan himoyasi bu nafaqat harbiylarning vazifasi, balki har bir fuqaroning muqaddas burchidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.