Navoiy muhriga bitilgan hikmat: “Dunyoda faqir va g‘arib Alisherdek hayot kechir”
Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning davlat arbobi sifatidagi qudrati uning mo‘’jaz muhrida ham namoyon bo‘ladi. Taniqli navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva “Navodir un-nihoya” asarining so‘zboshisida bu haqda nihoyatda nodir tarixiy dalilni keltiradi. Olimaning izlanishlari natijasida shoirning shaxsiy muhriga “Kun, osha fi-d dunyo k-al g‘arib-al-faqir Alisher” degan so‘zlar o‘yilgani aniqlangan.
Bu bitikning ma’nosi “Dunyoda faqir va g‘arib Alisherdek hayot kechir” degan teran mazmunni anglatadi. Butun boshli Xuroson mulkining qudratli shaxsi, behisob boylik egasi bo‘lgan zotning o‘z muhriga bunday so‘zlarni bitishi kishini chuqur mushohadaga chorlaydi.
O‘tmishda muhr davlat boshqaruvining eng muhim belgilaridan biri sanalgan. Hukmdorlar, nufuzli amaldorlar va boshqa toifa vakillari o‘z muhrlariga ega bo‘lganlar. Muhr o‘zidagi qabariq yoki botiq belgilarini qog‘ozga tushiruvchi maxsus vosita bo‘libgina qolmay, balki hukmdorning irodasini ifodalovchi o‘ziga xos qurol ham edi. Qadimgi ajdodlarimiz muhrni sopol, mis, po‘lat, kumush va hatto sof oltindan yuksak mahorat bilan yasashgan. Ularning shakli asosan to‘rtburchak, doira yoki bodom ko‘rinishida bo‘lgan. Davlatda har qanday rasmiy farmoni oliylar, yorliq va muhim hujjatlar aynan mana shu belgi – muhr bosilgachgina qonuniy kuchga kirgan. Sultonning irodasi muhr bilan tasdiqlanar va butun saltanat bo‘ylab ijroga yo‘naltirilar edi.
Temuriylar saroyida “muhrdor” lavozimi g‘oyat yuksak va mas’uliyatli vazifa hisoblangan. Hukmdor muhrini saqlash va uni muhim davlat qog‘ozlariga bosish faqat eng ishonchli kishilarga, sadoqatli a’yonlarga topshirilgan. Alisher Navoiy ham Sulton Husayn Boyqaro saroyidagi faoliyatini aynan mana shu lavozimdan boshlagan. Biroq shoir bu vazifada uzoq vaqt qolmagan. Bir ming to‘rt yuz yetmish ikkinchi yilda unga bek (amir) rutbasi beriladi. Shu munosabat bilan u muhrdorlik vazifasini o‘z ixtiyori bilan topshiradi va o‘rniga Shayx Ahmad Suhayliyni tavsiya qiladi. Keyinchalik bu mas’uliyatli ishni Navoiyning akasi Shayx Bahlulbek va ukasi Darvish Ali ham munosib bajargan. Bu esa Navoiylar xonadonining saroydagi nufuzi va hukmdorning ularga bo‘lgan ishonchi naqadar baland bo‘lganini ko‘rsatadi.
Navoiyning muhrdor sifatidagi faoliyati qisqa bo‘lsa-da, uning uzoqni ko‘ra oladigan oqil siyosatchi va mohir diplomat ekanligini isbotladi. Husayn Boyqaro uni bu mansabga tayinlaganida, Navoiy egallab turgan o‘rniga ko‘ra, hujjatning eng yuqori qismiga o‘z muhrini bosishga to‘la haqli edi. Saroydagi boshqa amirlar va amaldorlar doimo bir-biridan yuqoriroqqa nomlarini tirkash uchun o‘zaro raqobat qilganlar. Lekin Navoiy ularga qarshi o‘laroq, o‘z muhrini hujjatning eng quyi qismiga bosgan. Bunday holatda hech bir amaldor undan pastga o‘z belgisini tushira olmasdi. Bu qadam bilan u saroy a’yonlarining kibrini sindirib, barchani o‘zining kamtarligi bilan lol qoldirgan. Uning o‘zi bu holatni qit’alaridan birida shunday izohlaydi. “Bu edi eldin quyi muhr urmog‘im... Kim g‘ururi nafsi sarkash man’ig‘a, Barchadin bo‘lg‘ay quyi o‘lturmog‘im”. Ushbu satrlar orqali u nafsni yengish maqsadida muhrni pastga urganini ochiq bayon etadi.
Ulug‘ bobomiz o‘z asarlarida ham muhr timsolidan ustalik bilan foydalangan. “Saddi Iskandariy” dostonida kishi o‘z qalbiga nimani o‘ysa, qog‘ozda shu naqsh oshkor bo‘lishi ta’kidlanadi. Bu orqali inson botiniy dunyosining tashqi amallarda aks etishiga teran falsafiy tus beriladi. “Hayrat ul-abror”da esa adolat timsoli sifatida “Rosti-yu rusti”, ya’ni to‘g‘rilik va haqqoniyat naqsh qilingan muhr tilga olinadi. “Munshaot” asarining ellik yettinchi maktubida shahzoda Badiuzzamon mirzoga qat’iy talab qo‘yiladi. Unda musulmonlarning hujjatlariga ortiqcha tamagirliksiz, bir chorsu muhri bilan zudlikda hukm bosib, ularning mushkulini oson qilish buyurilgan. Shuningdek, yigirma beshinchi maktubda mahkamlash muhri, ya’ni “muhri ixfo” haqida so‘z boradi. Navoiy uni ko‘chma ma’noda qo‘llab, davlat xizmatchisi o‘z tiliga mahkam bo‘lishi, sir saqlashni bilishi shartligini uqtiradi. Bularning barchasi temuriylar davrida davlatchilik asoslari va saroy madaniyati naqadar puxta ishlaganini ko‘rsatadi.
Davlatchiligimiz tarixidagi bunday yorqin sahifalar ajdodlarimizning nafaqat siyosiy, balki yuksak axloqiy qarashlarini ham namoyon etadi. Alisher Navoiyning muhrga bitilgan xokisor so‘zlari va saroydagi mag‘rur amaldorlarga bergan amaliy darsi bugungi kun uchun ham ibrat maktabi vazifasini o‘taydi. Kichik bir metall bo‘lagiga o‘yilgan bunday bitiklar aslida butun bir millatning adolat, poklik va komillikka bo‘lgan azaliy intilishini o‘zida mujassam etgan.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA