Muammoli qurilish kompaniyalari masalasi ko‘tarildi
So‘nggi vaqtlarda qurilish sohasida fuqarolar murojaatlari ko‘payib, ayrim kompaniyalar faoliyati yuzasidan savollar tug‘ilmoqda. Bu holat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, shartnomalarda aniqlik va mas’uliyat masalalarini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda.
Raqobat qo‘mitasiga 2023-yil 19 mingta, 2024-yilda 28 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025-yilga kelib qariyb 54 mingga yetgani kuzatilmoqda. Bu tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga yetarlicha amal qilinmasdan tovar va ish xizmatlari ko‘rsatilayotgani va sohada mavjud muammolar borligidan dalolat bermoqda.
Misol uchun, qo‘mitaga 2025 -2026-yillarda “GOLDEN HOUSE PROPERTY GROUP” MCHJ faoliyati yuzasidan jami 74 ta shikoyat kelib tushgan.
Qo‘mita aralashuvidan so‘ng, ushbu shikoyatlardan 54 tasi quruvchi hamda fuqaro o‘rtasida o‘zaro kelishuv bitimi imzolanishi yoki nizolar sudgacha mediatsiya yo‘li bilan hal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga 1 milliard 128 million 669 ming so‘m miqdorda pul mablag‘lari qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Xususan, 2025-yil davomida «GOLDEN HOUSE PROPERTY GROUP» MCHJ faoliyatidan norozi bo‘lib jami 40 nafar fuqaro murojaat qoldirgan. Ushbu murojaatlarning 35 tasi (87 foizi) ijobiy hal etilgan, shundan, 31 tasi quruvchi hamda fuqaro o‘rtasida o‘zaro kelishuv bitimi imzolanishi orqali hal etilgan.
Shunga qaramay, 2026-yilning 1-choragi davomida mazkur quruvchi korxona faoliyatidan norozi bo‘lib 34 nafar fuqarodan murojaatlar kelib tushgan.
Bulardan 19 tasi (56 foizi) qanoatlantirilgan bo‘lsa, 5 ta holatda belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib va 10 ta murojaat yuzasidan vakolatli tashkilotni xabardor etgan holda tekshiruv tayinlangan.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali ham aynan yuqoridagi qurilish korxonasi va umuman bu sohada murojaatlar ortayotgani bir necha bor muhokama qilinmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi barcha quruvchi korxonalarni iste’molchilar bilan shartnoma tuzishda qurilishni bitkazish imkoniyatlaridan kelib chiqib oqilona va aniq muddatlarini belgilash, iste’molchilarga qonunchilikda berilgan imtiyoz va huquqlarni cheklamaslik choralarini ko‘rishlarini so‘rab qoladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA