Dala chetlariga ekin ekmay, yerni isrof qiladiganlarni qanday jazolar kutmoqda?
Mamlakatimiz aholisi soni bugungi kunga kelib 38 million nafardan oshdi. Bunda yillik o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichi 2 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2030-yilga borib 43 million kishini tashkil qilishi prognoz qilinayotir.
Bu esa, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabi 1,2 baravar oshishini ko‘rsatadi. Xo‘sh, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojini qanday qoplash kerak?
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, dehqon va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Fermer xo‘jaliklariga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar hamda soliq to‘lovlarida qator yengilliklar berildi. Sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, tomchilatib sug‘orish va boshqa ilg‘or usullarni qo‘llash orqali suv resurslaridan samarali foydalanishga erishilmoqda.
Hosildorlikni oshirish maqsadida yuqori sifatli urug‘lik va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish tizimi takomillashtirildi. Mahsulotlarni qayta ishlash, qadoqlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar jalb etilib, ularning xalqaro standartlarga javob berishiga e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan shu paytgacha paxta va g‘allaga mo‘ljallangan 364 ming gektar yer oziq-ovqat yetishtirish uchun ajratilgani oziq-ovqat mahsulotlarining eksport ko‘rsatkichi ortib borishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
O‘tgan yilda 33,6 ming gektar mevali bog‘ va 101 ming gektar uzumzor barpo etildi. Hosildorligi va iqtisodiy samaradorligi past bo‘lgan 26,2 ming gektar bog‘lar va 23 ming gektar tokzorlar rekonstruksiya qilindi.
Natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish ko‘rsatkichlari ortib, mahsulotlar eksporti hajmi 2 milliard dollardan oshdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport geografiyasi 10 davlatga kengayib, 83 taga yetdi.
Ammo, global darajada iqlimning keskin o‘zgarishi, suv tanqisligi va boshqa tabiiy ofatlar natijasida ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yo‘qotilishi holatlari ham yo‘q emas. Qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan yer maydonlarining qariyb 45 foizidan ortig‘i turli darajada, shundan 14 foizi o‘rta va kuchli sho‘rlangani ham hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
– 2026-yil 13-apreldagi “Dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun nima maqsadda qabul qilindi?
– Bugungi kunda dala chetlariga ekin ekmaganlik va yil davomida mahsulot yetishtirmaganlik holatlari ko‘plab aniqlanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari kamayishi hamda bozorlarda tannarxga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Shu sababli, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini samarali tashkil qilish maqsadga muvofiq, deb topildi.
Prezidentimizning 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorida aynan shu talab qo‘yildi.
– Dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirmaganlik yoki o‘sha yerlar isrof bo‘lishiga sababchi bo‘lgan shaxslarni qanday jazolar kutmoqda?
– Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Soliq kodekslariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilar tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi qonunchilikka muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan maydonlarida va muddatlarda maqbul ekin ekilmagani uchun ma’muriy jarima qo‘llash vakolatini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jazo shundan iboratki, bu – bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarimani tashkil etadi.
Soliq kodeksiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi qonunchilikka muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan maydonlarida har yili 1-mayga qadar maqbul ekin ekilmagan taqdirda mazkur yer uchastkasining ekin ekilmagan qismi uchun yer solig‘i stavkasi uch baravar miqdorda hisoblanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Albatta, bugungi kunda dala chetidan samarali foydalanayotgan fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlik sub’ektlari ham bor. Ular intensiv usulda bog‘ va tokzorlar barpo etish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni ham olib bormoqda.
Qonun bilan aynan shu kabi ilg‘or tajribalar keng ommalashtiriladi.
Qolaversa, qonun, birinchidan, aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni samarali tashkil etish hamda ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini ko‘paytirish orqali mamlakatning eksport salohiyati oshadi.
Uchinchidan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlardan unumli va to‘laqonli foydalanishga zamin yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun e’lon qilinganidan keyin oradan uch oy o‘tgach, ya’ni 2025-yil 14-iyulda kuchga kiradi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.