Namanganda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi ijrosi o‘rganilmoqda
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Namangan viloyatida Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalarning hududlardagi ijrosiga qaratilgan monitoring olib borilmoqda.
Tadbirlar doirasida “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturida belgilangan vazifalar, shuningdek, strategiyani amalga oshirish yuzasidan davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning ijrosi tahlil qilinmoqda.
Monitoringning muhim jihatlaridan biri — hujjatlarda belgilangan vazifalarning amaldagi natijalarini hududlardagi haqiqiy holat bilan solishtirish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni shakllantirishdan iborat.

Shu maqsadda viloyat hokimligida davlat va hududiy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida muloqot o‘tkazildi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirxon Nuriddinov hamda tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdilar.
Muloqot davomida “O‘zbekiston-2030” strategiyasining mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni, unda belgilangan ustuvor maqsadlar va ularni hududlar kesimida ta’minlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Mazkur strategiya Yangi O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan davrdagi taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari, maqsadlari va aniq ko‘rsatkichlarini belgilab beruvchi asosiy uzoq muddatli dasturiy hujjat hisoblanadi.
Strategiya dastavval, davlatimiz rahbarining 2023-yil 11-sentabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan bo‘lib, keyinchalik jahonda yuz berayotgan yangi tendensiyalar, iqtisodiy va texnologik o‘zgarishlar hamda keng jamoatchilik muhokamalari davomida bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda yangilangan.

Strategiyaning asosiy mohiyati barqaror va inklyuziv taraqqiyotni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish, davlatga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini mustahkamlash hamda islohotlarni “maqsad — harakat — natija” tamoyili asosida izchil davom ettirishdan iborat.
Tadbirda Namangan viloyati va uning shahar, tumanlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar, aholi uchun dolzarb bo‘lgan masalalar, ularning yechimi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning natijadorligi yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni tizimli o‘rganish va ularning yechimi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Qayd etish darkor, monitoring tadbirlari doirasida viloyat hududlarida o‘rganishlar olib borilib, strategiya hamda davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning joylardagi amaliy ijrosi, aholi uchun yaratilgan sharoitlar hamda mavjud muammolar o‘rganiladi.

Monitoring davomida aniqlangan holatlar va mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish hamda hududlarda belgilangan vazifalar ijrosini yanada samarali tashkil etish borasida tegishli takliflar shakllantiriladi.
Muloqotda mavzu doirasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi, ishtirokchilar tomonidan bildirilgan savollarga tashkilotchilar tomonidan javoblar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.