Alkogol mahsulotlari sifatini baholash bo‘yicha Respublika degustatsiya komissiyasining yig‘ilishi tashkil etildi
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-dekabrdagi 1039-son qarori talablariga muvofiq Respublika degustatsiya komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi tashkil etildi.
Yig‘ilish davomida iste’mol etil spirti va alkogol mahsulotlarining organoleptik sifat ko‘rsatkichlari — ta’mi, hidi, rangi va tashqi ko‘rinishi maxsus tartib asosida baholandi.
Komissiya a’zolari tomonidan 200 ga yaqin iste’mol etil spirti va alkogol mahsuloti, shuningdek, qayta ishlab chiqarishga qo‘yilgan, tarkibi yangilangan hamda yangi nomdagi mahsulotlarning iste’mol xususiyatlari o‘rganildi.
Degustatsiyaning asosiy maqsadi — mahsulotning sifatini inson sezgi a’zolari orqali baholash va uning belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash.
Bunda mahsulotning ta’mi, hidi, rangi va tashqi ko‘rinishi bilan bir qatorda, uning sifat va barqarorlik ko‘rsatkichlari ham inobatga olinadi. Yangi yoki takomillashtirilgan mahsulotlarning iste’mol xususiyatlarini aniqlash, ishlab chiqarish texnologiyasiga rioya etilganini baholash ham degustatsiya jarayonining muhim yo‘nalishlaridan sanaladi.
Yig‘ilishda, shuningdek, mahsulot sifati bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish, degustatsiya baholash amaliyotini takomillashtirish va ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga uslubiy yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.
Mutaxassislarni xalqaro tanlovlarda ishtirok etishga tavsiya qilish, mahsulot sifati va texnologik jarayonlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida degustatsiyaga taqdim etilgan mahsulotlar, tajribaviy-eksperimental namunalar va yangi nomdagi mahsulotlarni organoleptik baholash natijalari muhokama qilinib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Mazkur tadbir alkogol mahsulotlari sifatini baholash, iste’molchilar uchun xavfsiz va belgilangan talablarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishini ta’minlash hamda sohadagi sifat nazorati mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov,O‘zA