Namanganda an’anaviy xalqaro turnir
Ayni kunlarda davom etayotgan 65-xalqaro gullar festivali doirasida Yangi Namangan tumanidagi “Pahlavon” sport majmuasida yana bir nufuzli an’anaviy musobaqa boshlandi. Shotokan karate-do bo‘yicha start olgan oltinchi xalqaro ochiq turnirda mamlakatimizning turli hududlari, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlaridan tashrif buyurgan 500dan ziyod yosh o‘g‘il-qizlar ishtirok etmoqda.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Namangan viloyat hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov, O‘zbekiston shotokan karate-do terma jamoasi shef-instruktori, yettinchidan qora belbog‘ sohibi, yetti karra jahon chempioni Xo‘jamqul Xo‘jamqulov bu kabi turnirlar o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga oshno etish, yurtimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, Vatanimiz sha’nini xalqaro arenalarda ulug‘laydigan muzaffar sportchilarni yetishtirishda katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.


Yoshlar o‘rtasida shotokan karate-do sport turini keng ommalashtirish, ko‘plab chempionlarni tarbiyalashga salmoqli hissa qo‘shgan bir guruh sport faxriylari turnir tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirilib, maxsus esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.
O‘tgan yilning sentabr oyida Yaponiyada mezbonlik qilgan hamda joriy yilning fevral oyida Turkiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatlarida g‘oliblar safidan o‘rin egallagan Asadbek Karimov, Farruxbek Mavjudaliyev, Nozigul Adhamova va Ibrohim Xo‘jaxonov munosib rag‘batlantirildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston davlat madhiyasi yangradi. Yosh gimnastikachilar va karatechilar ko‘rgazmali chiqishlarini havola qildi. Musobaqani eng jajji ishtirokchilar – 6-7 yoshli sportchilar boshlab berishdi.
Namangan viloyat sport boshqarmasi, Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, viloyat shotokan karate-do assoatsiatsiyasi hamkorligida uyushtirilgan ushbu musobaqada olti yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qatnashchilar +20 kilogrammdan +70 kilogrammgacha bo‘lgan 48 ta vazn toifasida tatamida yakka va jamoaviy kumite yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda. Qizg‘in ruhda kechayotgan bellashuvlarda dastavval eng kichik yoshdagi bolajonlar o‘rtasida g‘olib chiqqan iqtidor sohiblariga diplom va medallar taqdim qilindi.
– Olti yildan buyon shotokan karate-do bilan shug‘ullanib kelaman. Ustozim – xalqaro toifadagi sport ustasi, jahon chempioni Muhammadsiddiq Abdumutalovdan o‘z ustida ishlash, g‘alaba sari dadil intilishni o‘rgandim, – deydi turnirning kosonsoylik 11 yoshli ishtirokchisi Yusufali Hamidxonov. – Bundan ikki yil avval poytaxtimizda bo‘lgan jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘ldim. Mana, Namangan shahrida bo‘layotgan xalqaro ochiq turnirning 34 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarimni yengib, g‘olib sifatida shohsupaga ko‘tarildim.
Musobaqa tashkilotchisi – viloyat shotokan karate-do assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ilhomjon Qosimovning qayd etishicha, kelgusi yilda bo‘lajak xalqaro turnirda hududlar qamrovini yanada kengaytirish maqsadida Afg‘oniston, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Xitoy kabi xorijiy mamlakatlardan jamoalar, sportchilarni ham jalb etish ko‘zda tutilgan.


– Namangan keyingi yillarda mintaqamizda chinakamiga sport markaziga aylanmoqda, bunga 2021-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan shotokan karatedo bo‘yicha xalqaro turnir yorqin misol, – deydi Tojikiston Respublikasi judokan karate-do federatsiyasi prezidenti Foziljon Ahmedov. – Musobaqaga Markaziy Osiyo davlatlari vakillari qatorida bizni ham taklif qilishayotganidan minnatdormiz. Turnirda So‘g‘d viloyatining Xo‘jand shahridan 14 nafar sportchimiz o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazmoqda. O‘ylaymanki, shogirdlarimiz bahslarda o‘z “so‘zlari”ni aytishadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA