Muammolar yechimi yo‘lidagi ochiq muloqot
Toshkent viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari tomonidan Nurafshon shahrida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
Mazkur sayyor qabul aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish, fuqarolar murojaatlarini tinglash hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi. Unda qurilish sifati, ko‘p qavatli uylarni boshqarish, kommunal xizmatlar, noqonuniy qurilish holatlari, hududlarni obodonlashtirish hamda uy-joy sohasiga oid boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilindi.


Xususan, jarayonda 70 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, jami 55 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ularning asosiy qismini Boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati, texnik xulosa olish, ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasiga oid masalalar tashkil etdi.


Qabul davomida fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlar inspeksiya rahbariyati va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi. Ayrim murojaatlarga joyida huquqiy tushuntirish va amaliy yordam berilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan masalalar tegishli mas’ullarga biriktirilib, ijrosi nazoratga olindi. Jumladan, fuqaro Jo‘rabek Majidov tomonidan Chirchiq shahri "Lol" MFY hududida joylashgan maishiy xizmat ko‘rsatish binosini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi yuzasidan murojaat qilindi. Shu bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga tegishli tartibda o‘rganish va amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan topshiriqlar berildi va shu kunning o‘zida masala ijobiy yechim topdi.
Bunday sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, mavjud muammolarni joyida hal etish hamda fuqarolarning sohaga oid murojaatlariga tezkor munosabat bildirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

A. Musayev, O‘zA