Metro vagonlarida sovutish tizimi ishlamasligi yuzasidan e’tirozlar bor
Jamoat transporti — bu xizmat ko‘rsatish sohasi. Demak, har bir yo‘lovchi uchun qulay va xavfsiz sharoit ta’minlanishi shart. Agar sovutish tizimi mavjud bo‘lsa, u doimiy texnik nazorat ostida bo‘lishi kerak. Aks holda, u faqat rasmiy jihatdan “bor”, amalda esa ishlamaydigan qurilmaga aylanib qoladi.
Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar tomonidan bildirilayotgan asosiy e’tirozlardan biri — vagonlarda va ayrim bekatlarda sovutish tizimi ishlamasligi yoki yetarlicha sovutmasligi. Issiq havoda bu holat nafaqat noqulaylik, balki salomatlik uchun ham xavfli bo‘lib qolmoqda: nafas olish qiyinlashishi, bosh aylanishi va hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin.
Poytaxtning aksariyat ko‘chalarida avtoturargoh yetishmasligi sabab ishga borish uchun metroda harakatlanishni afzal ko‘rdim. Biroq havo harorati ko‘tarilgan bugungi kunlarda metroning eng sezilarli muammolaridan biri tirbandlikdan ham ko‘ra ko‘proq ishlamayotgan sovutish tizimi ekani ayon bo‘ldi.
Yo‘lovchilarning ta’kidlashicha, ayrim poyezdlarda sovutish tizimi umuman ishlamaydi yoki juda kuchsiz ishlaydi. Bu esa vagon ichida harorat ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Metro kabi yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan tizimda bu kabi texnik muammo oddiy holat emas, balki tizimli yechim talab qiladigan masaladir.
Mazkur muammoni hal qilish uchun isitish-sovutish tizimlarini muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazish, eski vagonlarni bosqichma-bosqich yangilash, yoz mavsumi oldidan profilaktik ta’mir ishlarini kuchaytirish hamda yo‘lovchilar shikoyatlarini tezkor qabul qilish tizimini joriy etish zarur.
Issiq ob-havo sharoitida Toshkent metropoliteni kabi muhim infratuzilma ob’ektlarida sovutish tizimi ishlamasligi xizmat sifatiga nisbatan ishonchni pasaytiruvchi omildir. Yo‘lovchilar har kuni xavfsiz va qulay sharoitda harakatlanish huquqiga ega. Muammo esa tezkor va samarali yechim talab qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA