Islom Abdurahmonov: Bilimli va tashabbuskor yoshlarga tayanamiz
Bugun “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov tizimda mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tashkilot mutasaddilari, gidroenergetika tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan yosh muhandislar, loyihachi va texnik xodimlar ishtirok etgan tadbirda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi investitsiya loyihalari, gidroelektr stansiyalarini modernizatsiya qilish ishlari hamda kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Islom Abdurahmonov gidroenergetika sohasida yosh kadrlarning o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

– Bugun tarmoq oldida katta vazifalar turibdi. Yangi gidroelektr stansiyalarini qurish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etishda bilimli va tashabbuskor yoshlarga tayanamiz. Sizlarning har bir g‘oyangiz va intilishingiz tarmoq kelajagi uchun muhim. Shuning uchun ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun imkoniyatlar yaratish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Yana bir masala shuki, tizimda yoshlar ishtiroki 18 foizni tashkil etadi. Bu yaxshi ko‘rsatkich emas. Ayni paytda ulardan 35 nafari rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmoqda. Biroq yosh xotin-qizlar orasida yuqori bo‘g‘in rahbarlari hali yetarli darajada emas. Bu borada choralar ko‘rish asosiy vazifalarimizdan biri, – dedi rahbar.
Shuningdek, muloqot davomida yosh mutaxassislarning malakasini oshirish, xorijiy tajribani o‘rganish, ilmiy va amaliy loyihalarda ishtirokini kengaytirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ochiq va samimiy ruhda kechgan uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslari bilan ishtirok etdi. Ayniqsa, gidroenergetika ob’ektlarida raqamli texnologiyalarni joriy etish, energiya samaradorligini oshirish va innovatsion yechimlardan keng foydalanish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Tadbirda ishtirok etgan “Gidroproyekt” AJ muhandisi Komiljon Akromov bu kabi uchrashuvlar yoshlar uchun katta motivatsiya bo‘lishini qayd etdi.
– Bugungi ochiq muloqot biz uchun juda muhim. Negaki, soha rahbariyatining yoshlarni qo‘llab-quvvatlashi, fikr va tashabbuslarimizni eshitayotgani bizga yanada kuch va ishonch beradi. Ayniqsa, yangi gidroenergetika loyihalarida innovatsion yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha bildirilgan fikrlar kelgusidagi faoliyatimiz uchun yanada ahamiyatli, – dedi u.
Uchrashuv yakunida yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA