«Aviasozlar» bozorida tartibsiz savdo nuqtalari bartaraf etilmoqda
Toshkent shahri va Yashnobod tumani hokimliklari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Kadisheva bozori»dagi savdo rastalari buzilayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, gap bozorning rasmiy savdo rastalari haqida emas, balki bozor atrofi va unga tutash hududlarda tashkil etilgan tartibsiz savdo nuqtalari haqida ketmoqda.

Yashnobod tumani hokimligi axborotiga ko‘ra, ayrim fuqarolar hududda tegishli ruxsatnomalarsiz hamda sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilmasdan meva-sabzavot savdosini amalga oshirgan. Shu munosabat bilan noqonuniy savdo nuqtalarini bartaraf etish va tadbirkorlarni maxsus ajratilgan qonuniy savdo joylariga ko‘chirish ishlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar hokimligi ham «Aviasozlar» bozori va uning rasmiy savdo rastalari buzilayotgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bozorga tutash hududlarda meva-sabzavotlar bilan bir qatorda go‘sht mahsulotlari va kalla-pocha ham tegishli hujjatlarsiz hamda sanitariya talablarini buzgan holda sotilgan. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligi uchun muayyan xavflarni keltirib chiqargan.
Shuningdek, tartibsiz savdo piyodalar va transport harakatiga xalaqit berib, tirbandliklar, odam to‘planishi hamda tartibsiz avtoturargohlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Ma’muriyat ma’lumotiga ko‘ra, hududda savdo qilgan fuqarolarga bozor ichidagi maxsus ajratilgan qonuniy joylar taklif etilmoqda.
Hokimlikning bildirishicha, hududda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, avtomobillar uchun zamonaviy avtoturargoh tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa hududdagi tirbandliklarni kamaytirish, transport va piyodalar harakatini xavfsiz hamda qulay tashkil etishga xizmat qilishi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgani sababli ayrim bozor hududlari faoliyati vaqtincha cheklangan edi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA