Manzilli yordamlar ko‘rsatilmoqda
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom etmoqda. Birgina "Bunyodkor" mahalla fuqarolar yig‘inida hozir 1 ming 348 ta oila hamda 1 ming 188 ta xonadon mavjud bo‘lib, hududda 125 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olingan.
Hududda aholining farovonligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarni joyida aniqlash va ularni individual yondashuv asosida hal etish maqsadida mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilgan. U orqali ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatilib, ularning turmush sharoitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
— Bu kasb men uchun oddiy ish emas, balki yuksak insoniy burch va mas’uliyatdir. Faoliyatim davomida insonlarning hayotiga quvonch olib kirish, ularning yuziga tabassum, qalbiga esa umid uyg‘otish imkoniyatiga ega bo‘laman. Shu bois men o‘z kasbimdan faxrlanaman. Oldinda hali amalga oshirish lozim bo‘lgan rejalarimiz juda ko‘p. Ularni ham belgilangan tartibda bajaramiz, —deydi Bunyodkor mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Diyora Karimova.
Yil boshidan buyon bu mahallada 340 dan ortiq murojaat qabul qilinib, ularning 90 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgan. Bu esa tizimning amaliy samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ijtimoiy reyestrda turuvchi nafaqadagi fuqaro Muhabbat Mamadaliyevaning farzandi I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan.Ushbu oilaga noyabr oyida bir martalik hamda 6 oylik moddiy yordamlar ajratilgan. Shuningdek, sanatoriyaga yuborish uchun navbatga qo‘yilgan. Hozirgi kunda esa Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi "2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida fuqaroning uy-joyini ta’mirlash, moslashtirish va energiya tejamkorligini oshirish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan yolg‘iz ona Gulbahor G‘aniyeva ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Uning qaramog‘ida uch nafar farzand bo‘lib, fuqaroga tabiiy gaz va elektr energiyasi xarajatlari bo‘yicha kompensatsiya mablag‘lari ajratilgan. Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi tayinlangan.
Mahallada amalga oshirilayotgan bu kabi manzilli va tizimli ishlar aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
A. Musayev, O‘zA