Go‘zallik, nafosat va qadriyatlar uyg‘unligi
Xabaringiz bor, Bobur shahrida o‘tkazilayotgan Rassomlar festivalining uchinchi kuni ham yuqori ijodiy ko‘tarinkilik, qiziqarli muloqotlar, o‘ziga xos ijodiy jarayonlar bilan davom etdi.
Andijon tumani adirliklarida qad rostlayotgan Bobur shahri, xususan, festival bo‘lib o‘tayotgan shaharning “Ziyolilar bog‘i”dagi go‘zal manzara va tonggi shabboda shubhasiz, ijod ahli qalbiga ilhom soladi.
Ulkan bog‘ hududidan festival ishtirokchilari - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, har bir viloyat, hatto, o‘ziga xos hunarmandlik an’analari shakllangan Shahrisabz, Qo‘qon shaharlari vakillari uchun ham alohida ko‘rgazma maydonlari ajratilgan.
Har bir viloyatga xos jihozlangan ko‘rgazma maydonlarini aylanib, qo‘li gul hunarmandlar, haykaltaroshlar, musavvirlarning o‘ziga xos nafislik, nozik did, yuksak badiiy mahorat bilan tayyorlangan tasviriy va amaliy san’at namunalari har qanday kishining havasini uyg‘otadi.
– Festivalda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha viloyatimizdan 10 nafarga yaqin ijodkor 100 ga yaqin ijodiy ishlari bilan ishtirok etmoqda, – deydi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Rasuljon Ismonov. – Ularning orasida Murod Umar, Rustamjon O‘rozov, Hasanboy Teshaboyev, Ne’matjon Bekmurodov singari tajribali musavvirlar, shuningdek, bir qator iste’dodli yoshlar bor. Umuman, festival haqiqiy iste’dodlarni yuzaga chiqaradigan ijod maydoniga aylandi.
Andijonlik musavvir, Jalaquduq tumanidagi 13-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Ravshanbek O‘rozov shox va shoir, ulug‘ sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur siymosini aks ettirish jarayonida bir guruh yosh rassomlarga mahorat darsi o‘tdi.
[gallery-29528]
– Musavvir hayolidagi, tasavvuridagi qahramonni, peyzajni mo‘yqalam orqali aks ettiradi. Musavvir ijodiy ishining muvaffaqiyati ham tasavvurdagi siymo yoki manzarani qay darajada mahorat bilan chizishidadir. Yosh rassomlar bilan suhbatda musavvirlikning nozik jihatlari, ijodiy faoliyatim davomida orttirgan tajribalar bilan o‘rtoqlashdim. Ishonamanki, ijod borasida aytilgan taklif va tavsiyalar ularga kelgusida albatta, foyda beradi, – deydi Ravshanbek O‘rozov.
Ko‘rgazmalarda namoyish etilayotgan ijodiy ishlarda har bir hududning o‘ziga xos an’analarini, mavzular rang-barangligini ko‘rish mumkin.
Masalan, Namangan viloyati ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘qituvchisi, qator tanlov va festivallar g‘olibi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi “Oltin medali” sohibi Muhammadsoli Ahmedovning ijodiy ishlarida go‘zal tabiat manzaralari o‘zgacha aks ettirilgan.
– Ushbu festivalda “Chodak”, “Burchmulla”, “Tonggi rizq”, “Qishloqda kuz”, “Tabiat dam olmoqda” singari rang-tasvir yo‘nalishidagi 30 ga yaqin ijodiy ishlarim bilan qatnashyapman, – deydi musavvir Muhammadsoli Ahmedov. – Eng avvalo, ko‘plab yurtdoshlarimiz ko‘rgazmalarni, xususan, mening ijodiy ishlarimni tomosha qilib, zavq olayotganliklaridan behad xursandman.
Haykaltaroshlik san’atining toshga badiiy ishlov berish yo‘nalishi kamdan-kam ijodkor shug‘ullanadigan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois ham qo‘qonlik haykaltarosh-usta Ergashali Tojiboyevning ana shu yo‘nalishdagi ijodiy ishlari festival mehmonlarining alohida e’tiborini tortmoqda.
– Ko‘rgazmada 20 ga yaqin ijodiy ishlarimni namoyish etyapman, – deydi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, haykaltarosh usta Ergashali Tojiboyev. – To‘g‘ri, toshga badiiy ishlov berish biroz murakkab yo‘nalish bo‘lsa-da, bu ish bilan qariyb 45 yildan buyon shug‘ullanib kelaman. Tayyorlagan ishlarim bilan odamlarni hayratlantirishga harakat qilaman. Shu o‘rinda biz ijodkorlarga keng namoyish maydonini taqdim etgan ushbu festival tashkilotchilariga, eng avvalo, Prezidentimizga mingdan-ming rahmat aytaman.
– Festival juda chiroyli, yuqori saviyada o‘tmoqda. Chiroyli ko‘rgazma maydonlari tashkil etilgan. Shu yerning o‘zida ijod qilishimiz uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Men tomoshabinlarga rang-tasvir yo‘nalishidagi 10 ga yaqin ijodiy ishimni namoyish etyapman, – deydi Qashqadaryo viloyati Qo‘g‘irchoq teatri bosh rassomi Mirzohid Mamatov. – Butun O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’at ijodkorlarni birlashtirgan ushbu festival mahorat, tajriba o‘rganish maydoniga aylandi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, tajribali ustozlar, hamkasblarimizning yangi ijod namunalari bilan tanishish asnosida ularning tajribalarini o‘rganyapmiz, ijodiy ishlarimiz bo‘yicha ulardan zarur tavsiya va maslahatlar olyapmiz.
Samarqandlik hunarmand Shoiraxon G‘aniyeva amaliy san’atning quroqchilik, matoga tabiiy (rang) gul bosish yo‘nalishida ish olib borayotgan hunarmandlarning oltinchi avlodi sanaladi. Ko‘rgazmada u har ikki yo‘nalish bo‘yicha 50 ga yaqin o‘zining ijod namunalari bilan qatnashmoqda.
– Ota-bobolarimizdan o‘rgangan hunarimizni qizlarimga, kelinlarimga o‘rgatganman. Shu orqali xalqimizning qadim hunarmandlik an’analari davomiyligini ta’minlashga harakat qilyapman. Chiroyli o‘tayotgan mazkur festival ijod namunalarimizni namoyish etish bilan birga, yurtimizning turli hududlaridan kelgan hamkasblar, hunarmandlar bilan muloqot qilish, fikrlashish imkonini berayotganligi bilan ham ahamiyatli.
Eslatib o‘tamiz, Bobur shahrida shu yil 22-mayga qadar davom etadigan Rassomlar festivalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va yurtimizning barcha viloyatlaridan 200 nafardan ziyod tasviriy va amaliy san’at vakillari o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.