Mahalla – islohotlar generatori: “Yettilik” tizimi samaradorlikning yangi bosqichiga chiqmoqda
Mahalla instituti bugungi kunda xalq bilan muloqotning eng samarali va ta’sirchan mexanizmiga aylanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga mutlaqo yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yangi bir davrni boshlab berdi.
Biz, xalq vakillari va deputatlar, ushbu yig‘ilishda belgilangan vazifalarni chuqur tahlil qilar ekanmiz, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Mahalla raisi – o‘z hududida islohotlarning bosh tashabbuskori va yetakchisi” degan konseptual g‘oya zamirida ulkan siyosiy mas’uliyat yotganini his etmoqdamiz.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, shu paytgacha mahallabay ishlash tizimida ma’lum bir tarqoqlik mavjud edi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimdan iborat “yettilik” tizimi tashkil etilgan bo‘lsa-da, ularning faoliyatini muvofiqlashtirishda va yagona maqsad sari yo‘naltirishda oqsoqliklar ko‘zga tashlanayotgan edi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan ushbu masala ochiq va tanqidiy ruhda o‘rtaga tashlandi. Endilikda “mahalla yettiligi”ning har bir a’zosi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha emas, balki yagona jamoa sifatida, mahalla raisi rahbarligida harakat qiladigan tizim yaratilmoqda. Bu esa mahalladagi ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish va aholi muammolarini joyida hal etish imkonini beradi.
Yig‘ilishda «mahalla yettiligi» real iqtisodiy va ijtimoiy drayverga aylanishi kerakligi qat’iy belgilandi. Endilikda mahalla raislari o‘z hududida xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri auksionga chiqarish huquqiga ega bo‘ladi. Mahallabay ishlovchi bank xodimlarining yuki yengillashtirilib, ularga ko‘pi bilan 3 ta mahalla biriktiriladi. Ularning bosh vazifasi – oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali ish o‘rinlari yaratish bo‘ladi. Buning uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
Mahalla tizimini ilmiy asosda tashkil etish maqsadida Davlat boshqaruvi akademiyasi huzurida Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. Institut har yili 21 ming nafar «yettilik» a’zosini o‘qitadi. Norin tumani tajribasi asosida barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi. Xizmatlar soni elektron shaklda 900 dan oshiriladi.
Prezident tomonidan mahalla raislariga berilayotgan yangi vakolatlar deputatlik korpusi oldiga ham muhim vazifalarni qo‘yadi. Mahalla raisining “yettilik” a’zolari faoliyatini baholash, ularni rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiya berish huquqiga ega bo‘lishi – mahallaning mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan munosabatlarida mustaqilligini ta’minlaydi.
Ayniqsa, mahalla byudjeti mablag‘larini shakllantirish va ularni aynan aholini qiynayotgan eng dolzarb muammolarga yo‘naltirish vakolatining kengaytirilishi – xalq hokimiyatining amaldagi ifodasi.
Biz, deputatlar, bundan buyon mahallalardagi islohotlarning shunchaki kuzatuvchisi emas, balki bevosita ishtirokchisi va kafili bo‘lishimiz shart. Videoselektorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, faoliyatimizni quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda qayta tashkil etishimiz lozim.
Birinchidan, qonunchilikni hayotga tatbiq etish. Mahalla raisi va “yettilik”ka berilgan yangi huquqiy maqom va imkoniyatlarning joylarda to‘liq ishlashini nazorat qilish.
Ikkinchidan, byudjet nazorati. Mahallalarga ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli va shaffof ishlatilishi ustidan xalq nazoratini o‘rnatish.
Uchinchidan, muammolarni yuqori darajaga olib chiqish. Mahalla miqyosida hal etilmagan, tizimli va qonunchilikka o‘zgartirish kiritishni talab qiladigan masalalarni Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar muhokamasiga sifatli tayyorlab chiqish.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, mahalla obod bo‘lsa – yurt obod bo‘ladi, mahalla o‘zgarsa – butun jamiyat o‘zgaradi. Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash mahallalarga yangi nafas, yangi ruh olib kiradi.
Deputat sifatida shuni ayta olamanki, “mahalla yettiligi”ning yangicha ish tizimi xalqimizning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi va yangi O‘zbekistonning poydevorini aynan mahalladan boshlab mustahkam qurishga xizmat qiladi.
Otabek Jiyanboyev,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati
O‘zA