Mahalla — ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi
Mahalla — odamlar dardi eshitiladigan, muammolarga yechim topiladigan, yangi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadigan va aholi uchun munosib sharoit yaratiladigan eng yaqin maskan. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil 16-iyul kuni mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda «mahalla yettiligi» faoliyatini yangicha tashkil qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham ana shu vazifaga alohida e’tibor qaratgandi.
Davlat rahbari mahallani odamlar uchun ishonch, tayanch va imkoniyatlar markaziga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Bugun bu yondashuv Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida amaliy ishlar bilan uyg‘unlashmoqda. Mahallalarda obodlik va farovonlikni ta’minlash, aholi bandligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy muhitni barqarorlashtirish hamda fuqarolar murojaatlarini joyida hal etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Tuman hokimi Azizbek Turdimurodov bilan suhbatimizda mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar, aholi turmush sharoitini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish hamda «mahalla yettiligi»ning bu jarayondagi ishtiroki haqida so‘z bordi.
— Avvalo, Prezidentning 2026-yil 24-iyunda qabul qilingan «Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni hamda Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida tumanda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Ayni paytda tumanda davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olish va uni yuqori saviyada nishonlashga qaratilgan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Avvalo, har bir mahallaning mavjud holati o‘rganilib, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya-tozalik ishlarini yaxshilash, ichki ko‘chalarni tartibga keltirish, ijtimoiy ob’ektlar hamda aholi gavjum joylarni obod qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Bu jarayonga «mahalla yettiligi» bilan bir qatorda ko‘cha boshilari, mahalla faollari, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari ham faol jalb etilmoqda.
«Dolzarb 40 kunlik» doirasida ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida tuman shtabi tuzilib, tumandagi 38 ta mahallaning har biriga mas’ul rahbarlar biriktirildi. Ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari nisbatan past bo‘lgan 7 ta mahalla alohida nazoratga olinib, ularga tajribali rahbarlar mas’ul etib belgilandi.
E’tiborli jihati shundaki, ishlar umumiy tarzda emas, balki har bir ko‘cha va xonadon kesimida tashkil etilmoqda. Qaysi ko‘chada obodonlashtirishga ehtiyoj bor, qayerda yoritish tizimi yetishmaydi, qaysi xonadonda ta’mirtalab holat mavjud — barchasi o‘rganilib, manzilli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Olib borilayotgan ishlar natijasida tumandagi jami 834 ta ko‘chaning 598 tasida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ko‘chalarda 787 ta chiroq o‘rnatilib, aholi uchun kechki vaqtda ham qulay va xavfsiz muhit yaratildi.

Umumiy uzunligi 52,6 kilometr bo‘lgan ariq va zovurlar tozalandi. 220 ta xonadon ta’mirlandi, 562 ta devor va darvoza bo‘yaldi, 8 ming 258 ta xonadon hovlisi obodonlashtirildi. Shuningdek, 173 ta ijtimoiy ob’ekt, 34 ta qabriston va 411 ta tadbirkorlik ob’ektida obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bu raqamlar zamirida esa oddiy, ammo muhim maqsad — odamlar uchun munosib, toza va qulay yashash muhitini yaratish vazifasi mujassam.
— Sirdaryo tumanida bugungi kunda qancha aholi istiqomat qiladi? Mahallalarning iqtisodiy salohiyatini oshirish uchun qanday yondashuvlar tanlangan?
— Bugungi kunda tumanda 38 ta mahalla, 142 ming aholi va 27,9 mingta xonadon mavjud.
Albatta, har bir mahallaning imkoniyati va salohiyati bir xil emas. Ayrim hududlarda turizmni rivojlantirish uchun imkoniyat yuqori bo‘lsa, boshqalarida servis, farmatsevtika yoki qishloq xo‘jaligi asosiy daromad manbai bo‘lishi mumkin.
Shu bois mahallalarning iqtisodiy salohiyatini o‘rganish asosida ularning asosiy drayver yo‘nalishlari belgilab olingan.
Jumladan, Sholikor va Kamolot mahallalarida turizm, Islomobod, Do‘stlik va Xazina mahallalarida servis sohasi, Bunyodkor mahallasida farmatsevtika yo‘nalishi ustuvor hisoblanadi.
Yangiobod, Turkiston, Oq yo‘l, Intilish, Taraqqiyot, Hikmatli, Dehqonobod, Navoiy, Quyosh va Elobod mahallalarida esa qishloq xo‘jaligi asosiy drayver sifatida belgilangan.


Bunday yondashuvning ahamiyati shundaki, endi mahalladagi iqtisodiy faollikni umumiy ko‘rsatkichlar asosida emas, balki hududning ichki imkoniyatlari va mavjud resurslaridan kelib chiqqan holda rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.
Ya’ni har bir mahalla o‘zining «o‘sish nuqtasi»ni topishi kerak. Bu esa yangi loyihalarni ishga tushirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish imkonini beradi.
— Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qanday natijalar bor?
— Mahallani iqtisodiy jihatdan mustahkamlashning eng muhim sharti — aholi uchun doimiy va barqaror daromad manbaini yaratish. Shu bois tumanda aholi bandligini ta’minlash, norasmiy mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va oilaviy biznesni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida
joriy yilning iyun oyiga qadar aholini doimiy ish bilan ta’minlash bo‘yicha 2 ming 18 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan edi. Amalda 2 ming 632 ta doimiy ish o‘rni yaratildi va reja 130,4 foizga bajarildi.

Bundan tashqari, norasmiy band aholini rasmiy mehnat munosabatlariga jalb qilish bo‘yicha 2 ming 204 nafar fuqaroning bandligi rasmiylashtirildi.
Bu ko‘rsatkichlar tumanda bandlik masalasiga faqat ishsizlikni kamaytirish nuqtai nazaridan emas, balki oilalarning barqaror daromadini ta’minlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va turmush farovonligini yuksaltirish vazifasi sifatida yondashilayotganini ko‘rsatadi.
— Infratuzilmani yaxshilash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Aholi farovonligini zamonaviy va barqaror infratuzilmasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun tumanda ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, irrigatsiya va ijtimoiy ob’ektlarni yaxshilashga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
So‘nggi bir yarim yil davomda tumanda 10 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi «Sirdaryo viloyatining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori doirasida umumiy qiymati 127,2 milliard so‘m bo‘lgan 31 ta ob’ektda ishlar amalga oshirildi. Shundan 9 tasi maktab, 10 tasi maktabgacha ta’lim tashkiloti, 9 tasi sog‘liqni saqlash va 2 tasi ijtimoiy ob’ektlarga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 21 ta mahallada 50 kilometr ichki yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizildi.
Prezidentimizning 2024-yil 24-dekabrdagi “2025 — 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida esa umumiy qiymati 75,4 milliard so‘mlik 11 ta ob’ekt bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Ular orasida maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlari, suv va elektr ta’minotini yaxshilash hamda ko‘prik rekonstruksiyasi kabi yo‘nalishlar bor.


Og‘ir mahallalarda ham alohida dasturlar asosida ishlar olib borildi. PQ–330-sonli qaror doirasida jami 9,2 milliard so‘m mablag‘ hisobidan sug‘orish tizimi va elektr ta’minotini yaxshilash choralari ko‘rildi.
Tashabbusli byudjet jarayonlarida ham aholining o‘zi bildirgan tashabbuslarga tayanilmoqda. 2025-yilda g‘olib deb topilgan 4 ta mahallaning ichki yo‘llariga 9,6 kilometr asfalt yotqizilib, buning uchun 6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
2026-yil birinchi mavsumida esa 6 ta mahalla g‘olib deb topilib, ularda 17,1 kilometr ichki yo‘lni asfaltlash uchun 14,2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
— Bugun mahallaning vazifasi faqat obodonlashtirish bilan cheklanib qolmayapti. Yoshlar va xotin-qizlar bandligi borasida qanday ishlar qilinmoqda?
— To‘g‘ri. Mahalla bugun faqat obodonlashtiriladigan hudud emas. U yerda insonning iqtisodiy faolligini oshirish, o‘z biznesini boshlashi va doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratish ham asosiy vazifalardan biridir. Shu nuqtai nazardan qaralganda, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etishda imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, kasb-hunarga o‘qitish va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Yoshlar uchun «Yoshlar biznesi» va «Biznesga birinchi qadam — yoshlar uchun» kabi dasturlar muhim imkoniyat yaratmoqda. Ushbu dasturlar orqali o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratish, biznesini kengaytirish istagidagi yosh tadbirkorlarni qo‘shimcha moliyalashtirish va yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.

Xotin-qizlar uchun «Ayollar daftari» ham muhim mexanizm bo‘lib qolmoqda. U orqali tadbirkorlikni boshlash uchun zarur tikuv mashinasi, pazandachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa mehnat qurollarini xarid qilishga 10 million so‘mgacha subsidiya, shuningdek, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.

Sirdaryo viloyati miqyosida 2026-yilda tadbirkorlik loyihalari uchun 10 trillion so‘m resurs yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘larning tuman imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilishi yangi bizneslarni ishga tushirish, mavjud korxonalarni kengaytirish va aholi daromadlarini oshirish uchun muhim omil bo‘ladi.
— Siz aytgan vazifalardan kelib chiqib, «mahalla yettiligi» faoliyatida qanday o‘zgarishlar bo‘lmoqda?
— Bugun «mahalla yettiligi»ning vazifasi faqat o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishlash emas, balki mahalladagi umumiy muhit uchun mas’uliyatni his qilishdan iborat.
Mahallada kim ishsiz, kim tadbirkorlik qilish istagida, qaysi oila ijtimoiy ko‘makka muhtoj, qayerda infratuzilma muammosi bor, qaysi yoshning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash kerak — bularning barchasi o‘zaro bog‘liq masalalar. Shuning uchun «mahalla yettiligi» a’zolari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, har bir xonadon va ko‘cha kesimida ishlash, muammoni aniqlashdan uning yechimigacha bo‘lgan jarayonni kuzatib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahallada har bir mas’ul o‘z vazifasini bajarishi bilan birga, umumiy natija uchun ham mas’uliyatni his qilishi muhim. Zero, aholi bandligi, ijtimoiy himoya, yoshlar bilan ishlash, obodonlashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq jarayonlardir.
— Umuman olganda, Sirdaryo tumanida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad nimadan iborat?
— Asosiy maqsad — mahallalarni har tomonlama rivojlangan, obod, iqtisodiy faol va aholi uchun munosib yashash sharoiti yaratilgan hududlarga aylantirish.
Bunda obodlik va iqtisodiy taraqqiyotni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Yaxshi yo‘l — tadbirkorlik uchun imkoniyat, sifatli infratuzilma — yangi investitsiyalar uchun shart-sharoit, yoritilgan va obod ko‘cha — aholi xavfsizligi va kayfiyati uchun muhim omil.
Eng asosiysi, mahallada har bir inson o‘zini e’tiborda his qilishi kerak. Shuning uchun biz har bir ishni «Bu aholiga nima beradi?» degan savoldan kelib chiqib tashkil etishga harakat qilyapmiz. Yangi ish o‘rni yaratish, xonadon daromadini oshirish, yo‘lni ta’mirlash, ichimlik suvi muammosini hal qilish, ko‘chani yoritish yoki ijtimoiy ob’ektni ta’mirlash — bularning barchasi pirovardida inson qadri va manfaatiga xizmat qiladi.
Bugun mahallaga bo‘lgan talab ham shundan iborat: u yerda odamning muammosi eshitilishi, tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishi va imkoniyati ro‘yobga chiqishi kerak.
Mahalla qancha obod, iqtisodiy jihatdan barqaror va aholi bilan hamjihat bo‘lsa, jamiyat ham shuncha farovon bo‘ladi. Shu ma’noda, mahalla institutini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlarning zamirida ham odamlarning ertangi kuniga ishonchini mustahkamlash, ular uchun munosib hayot sharoitini yaratish va har bir tashabbusga keng yo‘l ochish maqsadi mujassam.

Sirdaryo tumanida amalga oshirilayotgan ishlar esa ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘lmoqda. Bugungi obod ko‘chalar, yoritilayotgan hududlar, ta’mirlanayotgan ijtimoiy ob’ektlar, yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari va yo‘lga qo‘yilayotgan tadbirkorlik loyihalari — ertangi farovon mahallaning mustahkam poydevoridir.
Zero, obod mahalla — farovon oila, iqtisodiy faol aholi — kuchli mahalla, aholi ishonchi esa samarali boshqaruvning eng muhim mezonidir. Muhimi, mahallani obod qilish, aholiga munosib yashash sharoitini yaratish borasidagi ishlar to‘xtab qolgani yo‘q. Asosiysi, davom etyapti.
— Mazmunli va samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Omon bo‘ling!
Suhbatdosh: O‘zA muxbiri G‘ulom Primov