Narkotiklar muomalasiga oid qonun takomillashtiriladi
Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar inson salomatligi va hayotini izdan chiqaradigan xavfli vositalardir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyoda 300 millionga yaqin shaxs giyohvandlikka chalingan bo‘lib, shundan aksariyat qismi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, dunyoda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi psixofaol moddalar iste’molchilari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan keng muhokama qilindi.
Qonun tashabbuskorlarining aytishicha, amaldagi qonun bundan 25 yil avval ishlab chiqilgan. Uni bugungi hayotiy vaziyatlarga daxldor holatlar uchun yanada takomillashtirish zarur. Jumladan, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasining nazoratini kuchaytirish, yoshlar orasida ularning iste’moli ommalashib borayotganiga qarshi keskin kurash olib borish, sohaga raqamli boshqaruv tizimini keng joriy etish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari va prekursorlarning muomalasi ustidan davlat nazoratini to‘liq o‘rnatish lozim.
Shundan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega. Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasi bo‘yicha ayrim takliflarni bildirdi. Jumladan, fraksiya a’zosi Z.Zohidov giyohvand modda iste’mol qilgan shaxslar elektron axborot bazasida ro‘yxatda turuvchi fuqarolarga kelgusida haydovchilik guvohnomasi berish tartibini qayta ko‘rib chiqish taklifini ilgari surdi.
Deputat A.Temirov esa narkojinoyatlarga qarshi kurashishni targ‘ib qilgan fuqarolarni rag‘batlantirish mexanizmi yangi qonun loyihasida qanday aks ettirilayotgani bilan qiziqdi. Fraksiyaning yana bir a’zosi Q.Qosimova tibbiyotda ham juda ko‘plab dori-darmon vositalari tarkibida ushbu moddalar bo‘lishini, mazkur qonun loyihasi ulardan tibbiy maqsadlarda foydalanishni cheklamasligi lozimligini ta’kidladi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.
M.Komilova,
O‘zA