Chorva mahsuldorligi oshiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida dastlab deputatlar Prezidentimiz huzurida bo‘lib o‘tgan Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuv asosida tashkil etish, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish yuzasidan taqdimotda ilgari surilgan taklif-tashabbuslar ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Qayd etilganidek, qulay, tezkor va shaffof kadastr xizmatlarini yo‘lga qo‘yish aholi va tadbirkorlar uchun muhim yangilik bo‘ladi. So‘nggi ikki yilda 1,2 milliondan ortiq ko‘chmas mulk ob’ekti xatlovdan o‘tkazilib, kadastr xizmatlarining 90 foizi onlayn shaklga o‘tkazildi. Endi sohadagi ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Deputatlar yangi tizimda “bitta ariza – bitta to‘lov” tamoyilining joriy etilgani va kadastr xizmatlarini to‘liq onlayn ko‘rsatish va huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni bir necha soniyagacha qisqartirilganini e’tirof etishdi. Bu fuqarolarning vaqti va mablag‘ini tejash bilan birga, ortiqcha ovoragarchiliklarni ham kamaytirayotganini ta’kidlashdi.
Shuningdek, fraksiya a’zolari Prezidentimiz huzurida chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan taqdimoti ahamiyatini ham keng muhokama qildi.
Deputatlar chorvachilik sohasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha belgilanayotgan yangi chora-tadbirlar sohani yanada rivojlantirishga mustahkam asos yaratishini qayd etishdi. Jumladan, 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar doirasida faoliyati to‘xtab qolgan chorvachilik korxonalarini qayta tiklash, ixtisoslashgan hududlarni qo‘llab-quvvatlash va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish kabi rejalar qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
Fraksiya a’zolari chorvachilikda raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirishga oid taklifni ham e’tirof etishdi. Qayd etilganidek, endi “Smart Fermer” platformasi orqali fermer va aholiga zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish, sun’iy intellekt va raqamli monitoring joriy etiladi. Bu choralar chorva mahsuldorligini oshirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish va ichki bozorni sifatli go‘sht hamda sut mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Komilova,
O‘zA