Koreyalik o‘quvchilar “Lazgi” muzeyida
Janubiy Koreya davlatidan kelgan bir guruh maktab o‘quvchilari Urganch shahridagi “Lazgi” muzeyini tomosha qilishdi.
Mehmonlar Xorazm Lazgi san’ati va uning boy tarixi bilan yaqindan tanishishdi. Muzey bo‘ylab sayohat davomida asrlar davomida madaniyatimiz, Lazgi kuyi va raqsi qanday o‘zgarib rivoj topgani haqida qimmatli ma’lumotlar olishdi.

Bunday tashriflar nafaqat bilim, balki do‘stlik va madaniyatlararo aloqalarni ham mustahkamlaydi.
– O‘zbekistonda go‘zal, tarixiy va qiziqarli maskanlar juda ko‘p ekan, – deydi koreyalik yosh sayyoh Kim Jun Vong. – Men raqs va san’atga juda qiziqaman. Ijod va san’at ahli uchun bu maskan shunchaki muzey emas, balki “Lazgi” raqs san’atining tirik tarixidir. Men bu raqsni o‘rganmoqchiman. Menga, ayniqsa, “surnay lazgisi” juda yoqdi.

Tashrif davomida mehmonlar Xorazm vohasining boy tarixi, milliy qadriyatlari bilan ham yaqindan tanishdi. Ayniqsa, Lazgi muzeyida xalqimizning bebaho raqs san’ati – Lazgining tarixi, rivojlanish bosqichlari, an’anaviy kuy va turlari bilan bog‘liq noyob ma’lumotlar hamda eksponatlar katta qiziqish uyg‘otdi.

Zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan ko‘rgazmalar esa Lazgi ruhini yanada jonli his qilish imkonini berdi. Yakunda Lazgi shou namoyish qilindi.
Koreyalik yoshlar muzeydan ko‘tarinki kayfiyat, o‘zgacha taassurotlar bilan qaytdi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri