Xavfsizlik — eng muhim mezon
Gaz — hayotimizda muhim o‘rin tutadigan qulay va zarur energiya manbalaridan biri. Biroq undan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, uni aholiga yetkazib berish jarayonida zamonaviy talablarga amal qilish hamisha dolzarb vazifa bo‘lib qolaveradi. Ayniqsa, suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish, saqlash va iste’molchilarga yetkazib berish jarayonlarida har bir xodimning mas’uliyati, malakasi va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qila olishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan inson qadrini ulug‘lash, aholi uchun xavfsiz va munosib sharoit yaratish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini asrashga qaratilgan izchil siyosat bugun barcha sohalarda amaliy ishlar bilan uyg‘unlashmoqda. Bu borada gaz ta’minoti tizimida ham profilaktika, xodimlar malakasini oshirish va favqulodda holatlarga tayyorgarlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu maqsadda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan gaz to‘ldirish shoxobchalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi, mehnat xavfsizligi va ish samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy o‘quvlar muntazam tashkil etilmoqda.
Navbatdagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialiga qarashli Romitan tumanidagi gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘tkazildi. Unda gaz ta’minoti filiali, Romitan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda boshqa hamkor tashkilotlarning mas’ul vakillari ishtirok etishdi.
Mashg‘ulotdan ko‘zlangan asosiy maqsad — shoxobcha xodimlarining favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni oldindan aniqlash, ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda eng muhimi, inson hayoti va salomatligini muhofaza qilishdan iborat.

O‘quv mashg‘uloti dastlab ishtirokchilarga favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartibi, maxsus-taktik mashqning maqsadi va vazifalari, shartli holat yuzaga kelganda xodimlar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar haqida tushuntirishlar berishdan boshlandi.
Mutaxassislarga favqulodda holatlarda sarosimaga tushmaslik, belgilangan algoritm asosida harakat qilish, xavfli hududni tezkor aniqlash va zarur xizmatlarni zudlik bilan jalb etish bo‘yicha yo‘riqnomalar berildi. Shundan so‘ng o‘quv mashg‘ulotining eng mas’uliyatli qismi — ob’ektda shartli favqulodda vaziyat yuzaga keltirildi. Belgilangan ssenariy asosida shartli ravishda jabrlangan xodimga yordam ko‘rsatish, uni xavfli hududdan olib chiqish va qutqarish ishlari amalga oshirildi. Xodimlar favqulodda vaziyatda bir-biri bilan hamjihatlikda harakat qilib, belgilangan vazifalarni amaliy tarzda bajarishdi.
Bu kabi mashqlar shunchaki nazariy bilimlarni sinovdan o‘tkazish emas. U real xavf yuzaga kelganida inson hayotini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan bir necha daqiqada qanday qaror qabul qilish kerakligini amalda sinab ko‘rish imkonini beradi.
Tadbir davomida gaz to‘ldirish shoxobchalarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutaxassislarga suyultirilgan gaz ballonlarini belgilangan tartibda va xavfsiz to‘ldirish, ularning texnik holatini nazorat qilish, saqlash va tashish jarayonlarida belgilangan qoidalarga amal qilish zarurligi yana bir bor tushuntirildi.

Ayniqsa, ob’ekt hududida yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday omilni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, elektr jihozlari, texnologik uskunalar hamda boshqa xavf manbalarini muntazam nazorat qilib borish zarurligi ta’kidlandi. Zero, xavfsizlik — bir kunlik yoki mavsumiy vazifa emas. U yilning har bir kunida, har bir ish jarayonida har bir xodimning kundalik mas’uliyati bilan ta’minlanadi. Shu bois o‘quv davomida mas’ullarga ob’ektda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, ehtimoliy favqulodda holatlarning oldini olish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan bunday amaliy o‘quvlarning muntazam tashkil etilayotgani sohada xavfsizlik madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Chunki aholiga suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berishning o‘zi kifoya emas. Eng muhimi, bu jarayon inson hayoti va salomatligiga zarar yetkazmaydigan darajada xavfsiz tashkil etilishi lozim.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri