Buxoroda AQSH mustaqilligining 250 yilligi keng nishonlandi
Tarix va tamaddunlar chorrahasi bo‘lgan qadim Buxoro yana bir bor do‘stlik va hamkorlik ruhi ustuvor bo‘lgan xalqaro tadbirga mezbonlik qildi. Bu safar shaharda musiqa, san’at va raqslar uyg‘unligida o‘tgan bayramona kecha nafaqat muhim tarixiy sanalarni nishonlash, balki turli xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va yaqinlikni yana bir bor namoyon etishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari mustaqilligining 250 yilligi hamda AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 34 yilligi munosabati bilan Buxoro shahrida tantanali madaniy-ko‘ngilochar tadbir tashkil etildi.
Tadbirda yangragan musiqa sadolari, jozibali raqslar va san’atkorlarning jonli ijrosi shaharga o‘ziga xos bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Mehmonlar uchun maxsus tayyorlangan konsert dasturida zamonaviy musiqa va raqs san’atining eng sara namunalari namoyish etildi.
Kecha davomida taniqli DJ King Macarella, “Double Touch” raqs guruhi hamda buxorolik san’atkorlar o‘z chiqishlari bilan tadbir ishtirokchilariga unutilmas taassurot ulashdi. Zamonaviy musiqa ohanglari, mahorat bilan ijro etilgan raqslar va san’atkorlarning jonli chiqishlari bayram muhitini yanada ko‘tarinki ruhga olib chiqdi.


Aslida, san’atning tili chegara bilmaydi. U turli tillarda so‘zlashadigan, turli madaniyat va an’analarga ega insonlarni yagona tuyg‘u atrofida birlashtira oladi. Buxoroda o‘tkazilgan mazkur bayramona kecha ham ana shu haqiqatning yorqin ifodasi bo‘ldi. Musiqa va raqs orqali turli madaniyatlarning o‘ziga xos jihatlari namoyon etilar ekan, tadbir ishtirokchilari o‘rtasida samimiy muloqot va do‘stona muhit shakllandi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari mustaqilligining 250 yilligi kabi tarixiy sana O‘zbekistonda nishonlanayotgani ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar bugun siyosiy va iqtisodiy aloqalar bilan cheklanib qolmayotgani, insonlararo va madaniy muloqotlar ham tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 34 yil to‘lishi ham ana shu hamkorlikning salmoqli tarixga ega ekanidan dalolat beradi. O‘tgan davr mobaynida ikki davlat o‘rtasida siyosat, iqtisodiyot, ta’lim, madaniyat va boshqa qator yo‘nalishlardagi aloqalar izchil rivojlanib kelmoqda.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatida ochiqlik, o‘zaro ishonch, teng huquqli va manfaatli hamkorlik tamoyillari muhim o‘rin egallamoqda. Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatning xorijiy davlatlar, jumladan, AQSH bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning muhim jihatlaridan biri — do‘st va hamkor davlatlar bilan nafaqat rasmiy muloqotlarni, balki xalqlar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni ham kengaytirishdir.
Bunday yondashuv, ayniqsa, madaniyat va san’at sohasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki madaniy diplomatiya xalqlarning bir-birini yaxshiroq anglashi, milliy qadriyatlar va an’analarga hurmat bilan qarashi, o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashi uchun beqiyos ahamiyatga ega.
Buxorodagi bayramona kecha ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qildi. Tadbir doirasidagi har bir chiqish, har bir musiqiy ohang va raqs nafaqat tomosha, balki ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvning o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarga 34 yil to‘lgan bir paytda bunday madaniy tadbirlarning Buxoroda o‘tkazilishi ham alohida ramziy ma’noga ega.
Asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lab kelgan Buxoro bugun ham xalqaro muloqot va madaniy hamkorlik maydoni sifatida o‘z nufuzini namoyon etmoqda. Qadimiy shahar ko‘chalarida yangragan zamonaviy musiqa sadolari esa tarix va bugungi kun uyg‘unligining yorqin manzarasini yaratdi.


Bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamligi nafaqat davlatlararo kelishuvlar, balki xalqlarning bir-birini qanchalik yaxshi anglashi va hurmat qilishi bilan ham belgilanadi. Shu ma’noda, madaniyat, san’at va insonlararo muloqotlar strategik hamkorlikning muhim va ta’sirchan vositalaridan biridir. Zero, tarix sanalar bilan o‘lchanadi, ammo xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik samimiy muloqotlar bilan mustahkamlanadi. Buxoroda yangragan musiqa sadolari esa ana shu do‘stlikning yangi va yorqin sahifasini ochdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri