Kambag‘allik 3,9 foizgacha qisqardi
Yil boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambag‘allik darajasi sakkiz oyda 3,9 foizga tushdi. Ehtiyojmand aholi soni 2,2 milliondan 1,5 million nafarga kamaydi. Yil yakuniga qadar yana 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi belgilangan.
O‘zbekistonda aholi daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar yangi bosqichga olib chiqilmoqda. 2026-yil boshida kambag‘allik darajasini 5,8 foizga tushirish va 1,1 million nafar aholi yoki 263 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan edi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, sakkiz oy yakuniga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,9 foizga pasaydi. Shu davrda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 515 ming oila uchun individual rejalar ishlab chiqildi. Individual rejalar doirasida 390 ming kam ta’minlangan oilaga daromadini oshirishga qaratilgan bandlik xizmatlari ko‘rsatildi. Jumladan, 160 mingdan ortiq fuqaro ishga joylashtirildi. 67 ming nafar fuqaroga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi. 304 ming kishi tadbirkorlikka jalb qilindi. 22 ming nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi.
Hokim yordamchilari tomonidan qariyb 55 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, ular orqali 164 ming kishining daromadi oshirildi. Kam ta’minlangan oilalarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 700 mlrd. so‘m kredit, 77 mlrd. so‘m miqdorida ssuda va subsidiyalar ajratildi.
Kam ta’minlangan oilalarning daromad manbalarini kengaytirish maqsadida 1 800 dan ortiq oilaga ko‘chatxonalar tashkil etish va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun o‘rmon fondining 1,4 ming gektar yeri ijaraga berildi. Bu mexanizm orqali oilalarga tayyor ijtimoiy yordamdan tashqari, o‘z mehnati va ishlab chiqarishi orqali barqaror daromad olish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Kam ta’minlangan oilalar farzandlarining ta’limiga ham alohida e’tibor qaratildi. 125 ming nafar bola qo‘shimcha to‘garaklarga jalb qilinib, bu maqsadlar uchun byudjetdan qariyb 130 mlrd. so‘m yo‘naltirildi. Yana qariyb 50 ming nafar bola axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, elektron tijorat, SMM va grafik dizayn yo‘nalishlarida bepul ta’lim oldi.
Germaniya tashkilotlari bilan hamkorlikda og‘ir sharoitdagi 37 ta tumandagi 89 ta texnikumda qariyb 1 600 nafar o‘quvchi tadbirkorlik yo‘nalishida tahsil olishni boshladi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 351 ming nafar fuqaro tibbiy yordam bilan qamrab olindi. Qariyb 8,5 ming kishi jarrohlik amaliyotidan so‘ng tiklanib, mehnat bozoriga qaytarildi.
Bu yondashuvning muhim jihati shundaki, tibbiy muammoni hal qilish bilan birga, fuqaroning mehnat qilish va daromad topish imkoniyatini tiklashga ham e’tibor qaratilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish faqat oila daromadini oshirish bilan cheklanmayapti. Hududlardagi sharoitni yaxshilash maqsadida 33 ta tuman va 330 ta mahallada, shuningdek, og‘ir sharoitdagi 37 ta tuman va 915 ta mahallada infratuzilmani rivojlantirish uchun jami 7,7 trln. so‘m yo‘naltirildi.
Mablag‘lar ichimlik suvi, elektr ta’minoti, yo‘llar, ijtimoiy ob’ektlar va boshqa infratuzilmani yaxshilashga sarflanadi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 49 ta tuman va 3 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanib bormoqda. Yil yakuniga qadar 350 ming kishini doimiy ishga joylashtirish, yana 1 million aholining daromadini oshirish va 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi belgilangan. Buning uchun aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan yangi diagnostika tizimi joriy etiladi. Unda avval fuqaroning ishsizligi yoki kambag‘alligiga olib kelayotgan sabablar aniqlanadi, keyin esa shu sababga mos yechim belgilanadi.
Tizimda hokim yordamchisi xonadonma-xonadon yurib, oila holatini o‘rganadi va ma’lumotlarni «Onlayn-mahalla» platformasiga kiritadi. Keyin individual reja shakllantirilib, sun’iy intellekt yordamida fuqarolar tegishli yo‘nalishlarga ajratiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA