Yoshlar kuni: Inson kapitali va yangi imkoniyatlar(+video)
Kelajakning muhim poydevori nima? Universitetda yoshlarning bilim, ko‘nikma va salohiyatini oshirishga qaratilgan maxsus tadbirlar o‘tkazilib, ularning shaxsiy va kasbiy taraqqiyotiga e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda har haftaning payshanbasi “Yoshlar kuni” sifatida belgilanib, bu orqali yoshlar muammosini yaqindan o‘rganish, ularning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan. Sana munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etildi.
Jumladan, “Kelajak soati” darsi bilan boshlangan tadbirlarda “Inson kapitali nima va nega u muhim?” mavzusida mazmunli suhbat va fikr almashuvlar bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulot davomida inson kapitalining shaxs, jamiyat va mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni atroflicha tushuntirildi. Ta’kidlanishicha, inson kapitali mamlakat uchun iqtisodiy o‘sish va raqobatbardoshlikning muhim manbai, jamiyat uchun esa farovonlik, ijtimoiy barqarorlik va yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqaruvchi omildir. Shaxs uchun bilim, ko‘nikma, tajriba va salohiyatni rivojlantirish professional o‘sish, daromad va hayotiy tanlov imkoniyatlarini kengaytiradi.
“Kelajak soati” doirasidagi mashg‘ulotlarda yoshlarning o‘z ustida muntazam ishlashi, zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallashi, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishi hamda kelajakdagi maqsadlarini aniq belgilab olishi muhimligi alohida qayd etildi.
Shu kuni universitetda tashkil etilgan to‘garaklar namoyish etilib, talabalarga o‘z tengdoshlarining turli yo‘nalishlarda erishayotgan yutuqlari va qo‘shimcha daromad manbalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, sport to‘garaklarida yoshlar faol ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini mustahkamladilar. Kompyuter to‘garaklarida frilanserlik faoliyatining asoslari va undan daromad topish yo‘llari o‘rgatildi. Pazandachilik to‘garagida turli taomlarni tayyorlash sirlari, tikuvchilik to‘garagida esa tikish-bichish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar takomillashtirildi. Go‘zallik to‘garagida zamonaviy parvarish, go‘zallik va estetikaga oid amaliy mashg‘ulotlar yoshlarning e’tiborini tortdi.
Bu kabi “Yoshlar kuni” tadbirlari nafaqat talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, balki ularga yangi bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallash, qiziqishlarini rivojlantirish hamda kelgusida qo‘shimcha kasbiy va hayotiy imkoniyatlarga ega bo‘lishlari uchun mustahkam zamin yaratadi.
Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Iskandar Ismatov, O‘zA