Kadastr hujjatlari yo‘qolgan bo‘lsa, nima qilish kerak?
Ko‘chmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qolgan yoki ularning mazmuni bilan qayta tanishish zarurati tug‘ilgan hollarda kadastr arxiviga murojaat qilish mumkin.
Xo‘sh, arxivda saqlanayotgan hujjatlar bilan kimlar tanishishi mumkin? Ko‘chmas mulk haqidagi ma’lumotnomani olish tartibi qanday?
Davlat kadastrlari palatasi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi tegishli qaroriga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar o‘ziga tegishli ko‘chmas mulkning kadastr yig‘majildi bilan tanishish huquqiga ega. Buning uchun belgilangan tartibda rasmiy murojaat qilish lozim. Bundan tashqari bino va inshootning mansubligi hamda tarkibi to‘g‘risida ma’lumotnoma ham olish mumkin. Ushbu ma’lumotnoma mavjud qonunchilikka muvofiq, taqdim etiladi. Ma’lumotnomada ko‘chmas mulkning manzili va kadastr raqami, ob’ektning turi — turar yoki noturar joy ekani va maydoni, huquq egasi yoki avvalgi egasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda huquqni belgilovchi hujjatning nomi, raqami va sanasi kabi ma’lumotlar aks etadi.
Ma’lumotnomani qayerdan olish mumkin?
Buning uchun ikki usuldan foydalanish mumkin. Birinchisi — Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish. Ikkinchisi — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn ariza berish. Ko‘chmas mulk haqidagi ma’lumotlarni olishda mulkdorlik va vakolat talablariga rioya qilish zarur. Fuqaro faqat o‘ziga tegishli ob’ekt bo‘yicha murojaat qilishi mumkin. Boshqa shaxs nomidagi mulkka oid ma’lumotlarni olish uchun belgilangan hollarda notarial tasdiqlangan ishonchnoma talab etiladi.
Kadastr hujjatlari yo‘qolgan bo‘lsa, nima qilish kerak?
Avvalo, ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr yig‘ma jildida qanday hujjatlar saqlanayotganini aniqlash uchun tegishli tartibda murojaat qilish lozim. Arxivdagi hujjatlar bilan tanishish va zarur ma’lumotnomani olish orqali mavjud ma’lumotlarni qayta tekshirish imkoni yaratiladi. Ko‘chmas mulkka oid hujjatlarni tiklash yoki ularning nusxasini olish zarurati tug‘ilganda, murojaat maqsadiga mos xizmat turini tanlash va uni ko‘rsatishning amaldagi talablarini oldindan aniqlash muhim.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA