Milliy reja: Bemor bolalarning 90 foizi palliativ yordam va reabilitatsiya bilan qamrab olinadi
Mamlakatimizda onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalar hamda o‘smirlarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda qabul qilingan 2025-2035-yillarga mo‘ljallangan Milliy rejaning to‘rtinchi strategik yo‘nalishi bemor bolalarga palliativ yordam ko‘rsatish, tibbiy reabilitatsiyani tashkil etish hamda ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini kengaytirishga qaratilgan.
Tahlil va ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 35 ming nafar atrofidagi bola palliativ yordamga muhtoj deb baholanmoqda. Biroq hozirgi kunda ushbu zarur xizmatlar bilan qamrov darajasi atigi 2-3 foizni tashkil etadi, xolos. Milliy rejada ushbu ko‘rsatkichni tubdan yaxshilash va sohani zamonaviy standartlar asosida rivojlantirish bo‘yicha aniq va muhim vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, Respublikaning barcha hududlarida bolalarga palliativ yordam ko‘rsatish bo‘limlari tashkil etilib, ixtisoslashtirilgan xizmatlar ko‘lami bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Bemor bolalarga bevosita uy sharoitida manzilli va sifatli xizmat ko‘rsatish, og‘riqsizlantirish, zarur parvarish hamda uzluksiz tibbiy kuzatuvni ta’minlovchi mobil brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Hududlarda 14 ta tibbiy reabilitatsiya bo‘limidan iborat yagona tarmoq shakllantiriladi. Bu yerda zamonaviy fizioterapiya, robotlashtirilgan va innovatsion tiklanish texnologiyalari joriy etiladi. Palliativ va reabilitatsiya yo‘nalishida faoliyat yuritadigan shifokorlar, hamshiralar, psixologik yordam ko‘rsatuvchi mutaxassislar va ijtimoiy xodimlarni tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi rivojlantiriladi. Bemorlarni muntazam va uzluksiz nazorat qilish imkoniyatini beruvchi teletibbiyot va masofaviy monitoring tizimlari keng joriy etiladi.
Milliy rejaning dastlabki bosqichi doirasida 2030-yilga qadar palliativ yordam va reabilitatsiyaga muhtoj bemor bolalarni zarur xizmatlar bilan qamrab olish darajasini 90 foizga yetkazish; reabilitatsiya bosqichini o‘tagan bemor bolalarning 80 foizini qayta maktab ta’limiga qaytarish; bemor bolalarning 90 foizini, shuningdek, ular oila a’zolarining 75 foizini malakali psixologik qo‘llab-quvvatlash bilan ta’minlash; aholining 95 foizi uchun 50 kilometr oraliq masofada (radiusda) palliativ va reabilitatsiya xizmatlaridan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish maqsad qilingan.
SSV matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ushbu ma’lumotlarda qayd etilganidek, mazkur Milliy rejaning amalga oshirilishi og‘ir xastalikka chalingan bolalar va ularning oilalariga sifatli va manzilli tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularning hayot sifatini yaxshilash hamda jamiyatga qayta integratsiya qilishga xizmat qiladi.
M.Qosimova,
O‘zA