Jizzaxning o‘tmishi va buguni aks etgan kitob taqdimoti
Jizzax politexnika institutida “Jizzax — o‘tmishi qadim, kelajagi porloq shahar” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Jizzax shahar hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda mahalliy hokimlik va sektorlar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, olimlar, yozuvchi va ijodkorlar, ta’lim muassasalari vakillari, talabalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur nashr Jizzaxning ko‘p asrlik tarixi, boy madaniy merosi, bugungi qiyofasi va istiqboldagi taraqqiyot yo‘nalishlari haqida keng ma’lumot beradi. Kitob o‘quvchilarni shaharning tarixiy o‘tmishi va zamonaviy rivojlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish, ayniqsa, yosh avlodning ona yurt tarixi va milliy qadriyatlarga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirni Jizzax shahar hokimining davlat tili va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi Surayyo Sherqo‘ziyeva kirish so‘zi bilan ochdi. U Jizzaxning boy tarixiy-madaniy merosi, keyingi yillarda shaharda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida so‘z yuritib, mazkur nashrning shahar tarixini keng targ‘ib etish va yosh avlodning milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini oshirishdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Taqdimotda so‘zga chiqqan olimlar, tarixchilar va ijodkorlar kitobning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati, Jizzaxning ko‘p asrlik tarixini o‘rganish hamda boy madaniy merosini kelgusi avlodlarga yetkazishdagi o‘rni xususida fikr bildirdi.
Shuningdek, shahar tarixiga oid ma’lumotlarni to‘plash, o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishda bunday nashrlarning ahamiyati katta ekani qayd etildi.
[gallery-32126]
Tadbir davomida kitobning mazmun-mohiyati, unda yoritilgan tarixiy ma’lumotlar va shaharning bugungi taraqqiyotiga oid materiallar yuzasidan fikr almashildi. Mualliflar va ijodiy jamoa vakillari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Taqdimot yakunida kitobni yaratish va nashrga tayyorlashda faol ishtirok etgan ijodkorlar hamda soha vakillariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA