Iste’molchilarning huquqlari ta’minlanmoqda
Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmalari tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘rganish orqali fuqarolarning qonuniy manfaatlari ta’minlanib, buzilgan huquqlari tiklanmoqda.
2026-yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha Namangan, Toshkent shahri va Xorazm viloyati hududiy boshqarmalarida amalga oshirilgan ishlar natijalariga ko‘ra, jami 10 ming 298 ta murojaat ko‘rib chiqildi.
Xususan, Namangan viloyatida fuqarolardan 1 610 ta, Toshkent shahrida 7 323 ta, Xorazm viloyatida esa 1 365 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarni o‘rganish natijasida iste’molchilarning buzilgan huquqlari tiklanib, ularning qonuniy manfaatlari himoya qilindi. Ko‘rilgan choralar natijasida fuqarolar foydasiga jami 8,5 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.

Shundan Namangan viloyatida 4 mlrd. so‘mdan ziyod, Toshkent shahrida 4 mlrd. so‘mdan ortiq, Xorazm viloyatida esa 570 mln. so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.
Bu raqamlar ortida oddiy insonlarning muammosi, murojaati va uni hal etish natijasida tiklangan huquqlari turibdi.
Qo‘mita hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan brifinglarda qayd etilganidek, iste’molchilar murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, muammolarga yechim topish va aholining qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA