Mahalla yoshlariga bayram tuhfasi
Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yillik bayrami arafasida Andijon viloyatida yangi inshootlar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ishlab chiqarish korxonalari foydalanishga topshirilmoqda. Marhamat tumani Qushchi mahallasidagi 34-umumta’lim maktabining kaptital ta’mirlangan binosi ham ana shunday inshootlardan biridir.
Marhamat tumani hokimi Ilyosbek Umrzoqov, nuroniylar, mahalla faollari, pedagoglar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida maktabning yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar tomonidan Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda keyingi yillarda umumta’lim maktablari uchun moslashtirilgan binolar qurish, maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur ish va bilim olish sharoitlari yaratish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Qushchi mahallasida asrlar davomida o‘zbek va qirg‘iz millati vakillari hamjihatlikda yashab keladi. Ushbu qishloqdagi o‘zbek va qirg‘iz tillarida o‘qitiladigan 34-umumta’lim maktabi binosi 1992-yilda bunyod etilgan bo‘lib, yillar davomida minglab o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berib keldi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bino va undagi sharoitlar zamonaviy ta’lim talablari hamda o‘quvchilarning ehtiyojlariga to‘liq javob bermay qoldi. Ana shundan kelib chiqib, maktab binosi belgilangan dastur asosida umumiy qiymati 5 milliard 144 million so‘m bo‘lgan loyiha doirasida to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega ta’lim maskaniga aylantirildi.


Ikki qavatli, zamonaviy ko‘rinishga ega, 420 o‘rinli mazkur maktabning sinf va laboratoriya xonalari, sport zalida o‘quvchilarning o‘qishi, puxta bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratildi.
– Maktab yangi binosining foydalanishga topshirilishi mahallamiz ahli, ayniqsa, mahalla yoshlari uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi, – deydi mehnat faxriysi Muhammadjon Abdurahmonov. – Ushbu yangi ta’lim maskani mahallamiz yoshlariga uzoq yillar davomida xizmat qiladi, ularning ezgu orzular, maqsadlar va yorqin kelajak sari dadil qadam tashlashiga keng yo‘l ochib beradigan ziyo maskani bo‘lib qoladi.


Tumanning eng chekka hududlaridan biridagi maktab binosi butunlay yangicha qiyofa kasb etganligi yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining, ayniqsa, ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri