Farg‘onada 80 foiz paxta mashinada teriladi
Bag‘dod tumanidagi "A.Madaminov" fermer xo‘jaligida paxta yig‘im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish hamda 2027-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekish tizimli tashkil qilindi.
Fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 232 gektar bo‘lib, shundan 120 gektarida paxta yetishtirilmoqda. 64 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan. Shuningdek, xo‘jalikda suv havzasidan samarali foydalangan holda baliqchilik yo‘lga qo‘yilib, quyosh panellaridan muqobil energiya manbai sifatida foydalanilmoqda. To‘qsonbosti usulida ekin ekish borasida ham o‘ziga xos tajriba shakllangan. Ayni kunlarda g‘allani tomchilatib sug‘orish asosida parvarishlash tajribasi sinovdan o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, fermer xo‘jaligining paxta maydonida olib borilayotgan defoliatsiya ishlari davom etyapti.
Fermer Abdumutalib Madaminov joriy yilda paxta hosildorligini gektaridan 80 sentnerga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun hatto fermer xo‘jaligidagi maydonlar yiriklashtirildi.


Umuman 2026-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida Farg‘ona viloyatida 300 ta paxta terish mashinasidan foydalanish rejalashtirilgan bo‘lib, ular yordamida paxta maydonlarining 80 foizidagi hosilni yig‘ib olish ko‘zda tutilgan.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov fermer xo‘jaligida bo‘lib, barchani mustaqillikning 35 yilligi bayrami bilan tabrikladi. So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida ilm-fan yutuqlari, zamonaviy agrotexnologiyalar, suv tejovchi usullar va mexanizatsiya imkoniyatlarining keng joriy etilishi yuqori natijalarga erishishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Bunday tajribalarni keng ommalashtirish, fermer va mutaxassislar o‘rtasida bilim va malaka almashish yangicha yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilishi qayd etildi.
Bugun fermer xo‘jaligining xaydovdan chiqqan ochiq maydonlarida 2027-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish ishlari boshlandi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA