Ilm yo‘lidagi yutuqlar
Ilm yo‘lidagi yutuqlar
Bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari orasida ilm-fan, tashabbuskorlik va jamoatchilik ishlarida faolligi bilan ajralib turayotgan iqtidorli qizlar talaygina. Ana shunday bilimli, intizomli va izlanuvchan yoshlardan biri – Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti kimyo mutaxassisligi bo‘yicha 2-bosqich magistranti Dilnoza Erimbatovadir.
Dilnoza Erimbatova universitetga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan bo‘lib, ta’limning ilk kunlaridanoq o‘zining mehnatsevarligi, mas’uliyatliligi va tirishqoqligi bilan professor-o‘qituvchilar hamda tengdoshlari orasida hurmat qozondi. U kamtarinligi, ustozlar maslahatiga amal qilishi va o‘z ustida muntazam ishlashi bilan namuna bo‘layotgan yoshlardan sanaladi.
Talaba nafaqat o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur bilim egallashga, balki til o‘rganishga ham katta e’tibor qaratib kelmoqda. Ingliz tilidan V1 va turk tilidan B2 darajadagi Milliy sertifikat sohibasi bo‘lgan Dilnoza mazkur tillarda erkin muloqot qila oladi.
Hozirgi kunda u “d-metallar polioksokationlari bilan interkalyatsiyalangan montmorillonitlarning suvli eritmalardagi organik bo‘yoqlarga nisbatan adsorbsion xususiyatlarini o‘rganish” mavzusida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Ilmiy izlanishlari natijasida uning 40 ga yaqin ilmiy ish va tezislari yaratilgan bo‘lib, shularning 20 dan ortig‘i OAK ro‘yxatidagi, impakt faktorli xalqaro jurnallar hamda respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar to‘plamlarida chop etilgan.
[gallery-29790]
Ilm-fan sohasidagi yutuqlari yosh olim sifatida Dilnoza Erimbatovaning ulkan salohiyatini namoyon etmoqda. Xususan, 2023-yilda Nukus shahridagi “ILIMPAZ” nashriyotida uning “Organik birikmalar” nomli o‘quv-metodik qo‘llanmasi nashr etildi. Bu esa uning nafaqat tadqiqotchi, balki yoshlar uchun bilim ulashuvchi muallif sifatida ham shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar orasida yetakchilik qobiliyati bilan e’tiborga tushgan Dilnoza hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Qizlar ovozi” Amudaryo tumani Bosh koordinatori, universitetning “Qizlarjon” klubi raisi, “Yosh olimlar” klubi koordinatori, “Yosh kimyogarlar” va “Chevar qo‘llar” to‘garaklarining faol koordinatori sifatida samarali faoliyat yuritmoqda.
Yosh olimaning ilm-fan sohasidagi yutuqlari munosib baholanib, joriy yilda u Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Uning bilim va tashabbuslari munosib rag‘batlantirilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA