AES qurilishi: "RITM-200N" energoblokni barpo etishga rasman ruxsat berildi
O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish yo‘nalishida muhim navbatdagi bosqich amalga oshirildi. "RITM-200N" yadroviy qurilmasi asosidagi energoblokni barpo etish uchun rasmiy litsenziya berildi.
Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida energetika sohasini diversifikatsiya qilish, barqaror va ekologik toza energiya manbalarini kengaytirish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.
Atom elektr stansiyasi qurilishi bilan bog‘liq barcha jarayonlarda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash ustidan davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
Loyiha doirasida "Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi" davlat muassasasi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar Qo‘mita huzuridagi Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi tomonidan kompleks tarzda o‘rganildi. Ushbu jarayonda xavfsizlik talablari, texnik yechimlar hamda xalqaro standartlarga muvofiqlik alohida baholandi.
Avvalroq, joriy yilning 23-mart kuni AES qurilishi uchun ajratilgan maydondan foydalanishga ruxsat berilgan edi.
Shuningdek, loyiha hujjatlari xalqaro tajriba, amaldagi milliy qonunchilik hamda Atom energiyasi xalqaro agentlik (MAGATE) tavsiyalari asosida ko‘rib chiqildi. Tahlil jarayoniga xorijiy ekspertlar va xalqaro tashkilot mutaxassislari ham jalb etildi.
Navbatdagi bosqichda qo‘mita huzurida tashkil etilgan Kengash tomonidan "RITM-200N" yadroviy qurilmasi asosidagi energoblokni barpo etishga litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qo‘mita axborot xizmatiga ko‘ra, qurilish ishlari davomida litsenziya talablariga qat’iy rioya etilishi, aholi va atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash hamda barcha jarayonlar ustidan doimiy davlat nazorati o‘rnatiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA