“Yurakka yo‘l”: yangi xonadon egasiga topshirildi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar aholi muammolarini hal etish, inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Ana shunday xayrli ishlardan biri Taxiatosh tumanida amalga oshirildi. Tumandagi Shamchiroq mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Biysenbay Abdullayevning yashab kelayotgan uyi 2021-yilda avariya holatiga kelib qolgani va unda yashash imkoniyati cheklangani sababli mahalla fuqarolari tomonidan O‘zLiDePdan saylangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Mukarama Jumamuratovaga murojaat qilindi.

Murojaat deputat tomonidan atroflicha o‘rganilib, aholining dardiga yechim topish, inson manfaatlarini ta’minlash hamda ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish tamoyillari asosida amaliy choralar ko‘rishga kirishildi. Tashabbusni O‘zLiDeP Taxiatosh tumani Kengashi deputatlari hamda partiyaning faol tadbirkorlari qo‘llab-quvvatladilar. Xususan, deputatlar Ahmad Hasanov, Anvar Turdiyev, tadbirkorlar Sherzod Reymbayev, Mansur Islomov, Elbek Akimbayev, Amangeldi Bekniyazov, Margarita Jumagaliyeva hamda bir qator saxovatpesha yurtdoshlar birlashib, murojaatni ijobiy hal etish chorasi ko‘rildi.

O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi va “Yurakka yo‘l” aksiyasi doirasida, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida fuqaro uchun yangi zamonaviy uy qurib berishga qaror qilindi. Joriy yilning may oyida homiy tadbirkorlar ko‘magi bilan qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, xonadon egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, yangi qurib bitkazilgan xonadon zamonaviy talablar asosida to‘liq jihozlandi. Xonadon egalariga yashash uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar yaratildi. Xususan, homiylar tomonidan kir yuvish mashinasi, muzlatkich, televizor, oshxona mebellari va boshqa ro‘zg‘or buyumlari sovg‘a qilinib, oilaning yangi uyga munosib sharoitda ko‘chib o‘tishi ta’minlandi. Bu esa nafaqat uy-joy muammosining hal etilgani, balki insonlarga mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning yorqin namunasidir.
Xonadonni topshirishda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda inson manfaatlari va aholi farovonligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini, O‘zLiDeP esa mazkur ezgu maqsadlarni amalga oshirishda xalq bilan birga bo‘lib, har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini chuqur his etgan holda faoliyat yuritayotganini ta’kidladilar.
O‘zLiDeP bundan buyon ham aholi murojaatlariga tezkor va samarali yechim topish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar manfaatlarini ta’minlash hamda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan amaliy ishlarini izchil davom ettiradi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.