Germaniyada maxsus xizmatlarga yangi vakolatlar beriladi(+video)
Germaniya Federal hukumati maxsus xizmatlarni isloh qilishga oid qonun loyihasini ma’qulladi. Ushbu qonun terrorizm va ekstremizmni aniqlash hamda ularga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan, deyiladi Euronews xabarida.Yangi qonunga ko‘ra, Germaniya maxsus xizmatlariga boshqa davlatlarning maxfiy faoliyatiga qarshi kurashish uchun ham qo‘shimcha vakolatlar beriladi. Kelajakda maxsus xizmatlar kiberhujumlar va Germaniyaga qarshi dezinformatsiya kampaniyalariga nisbatan faol choralar ko‘rishi mumkin. Masalan, hujum vaqtida Federal razvedka xizmati boshqa davlatlarning IT-infratuzilmasiga kirish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, maxsus xizmatlar gumon qilingan shaxslarning telefonlariga kirish huquqiga ega bo‘ladi. Ular kimyoviy qurol ishlab chiqaradigan laboratoriyalar va dron zavodlarining IT-tizimlariga kirib, ishlab chiqarishni to‘xtatishi mumkin.
Shuningdek, davlat xakerlari guruhlari yoki dezinformatsiya tarqatuvchi tashkilotlarning serverlarini o‘chirish va ishdan chiqarishga ham ruxsat beriladi.
Germaniyaning maxsus xizmatlar masalalari bo‘yicha vakili Nina Varkenning aytishicha, Germaniya doimiy ravishda erkin jamiyat, qadriyatlar va xavfsizlikka qarshi gibrid hujumlarga duch kelmoqda. Uning ta’kidlashicha, davlat fuqarolarni himoya qilish vazifasini bajarishi uchun maxsus xizmatlarga qo‘shimcha vakolatlar va operativ imkoniyatlar kerak. Shu orqali Germaniya maxsus xizmatlari hamkor davlatlarning maxsus xizmatlari bilan teng darajada ishlay oladi.
Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt ham diversiya, josuslik, kiberhujumlar va xorijiy davlatlarning yashirin operatsiyalari yangi choralarni talab qilishini aytdi. Uning fikricha, maxsus xizmatlarni isloh qilish va ularga kengroq operativ vakolatlar berish Germaniya xavfsizligini kuchaytiradi. Bu orqali zamonaviy davlat terrorizmi va ekstremistik zo‘ravonlikka samarali qarshi kurashish mumkin.
Shu bilan birga, qonun loyihasi jiddiy tanqidlarga ham sababbo‘lmoqda. So‘l partiya deputati Klara Byunger ham qonun loyihasini keskin tanqid qildi. Uning aytishicha, maxsus xizmatlarga diversiya qilish, faol aralashish va davlat xakerlik hujumlarini amalga oshirish vakolatlarini berish, yangi nemis maxfiy politsiyasini yaratish bilan barobar. Byunger buni tarixiy saboqlarni unutish va mas’uliyatsizlik deb atadi. Uning fikricha, islohotdan keyin maxsus xizmatlarning kuzatuv vakolatlari Konstitutsiya ruxsat bergan chegaralardan ham oshib ketishi mumkin. Endi yozgi ta’tildan keyin qonun loyihasini Bundestag ko‘rib chiqadi va tasdiqlashi mumkin.
<iframe width="640" height="350" src="https://www.youtube.com/embed/Vz8CfP9o44o" title="Germaniyada maxsus xizmatlarga yangi vakolatlar beriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA