Germaniya yadro energetikasiga qaytishi mumkin
Germaniya kelgusi yillarda yadro energetikasiga qaytadi, chunki uglerod chiqindisini kamaytirish, jamiyat va iqtisodiyotni ortiqcha yukdan xalos qilishning boshqa yo‘li yo‘q, dedi Bundestagning “Germaniya uchun muqobil” partiyasi a’zosi, energetika va iqtisodiy siyosat bo‘yicha parlament guruhi spikeri Shteffen Kotre "RIA Novosti" agentligiga.
Avvalroq Kansler Fridrix Mers GFRning yadro energetikasidan voz kechish qarori qat’iy ekanini aytgan. Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen esa bunday tashabbus ko‘hna qit’a uchun strategik xatoligini tan olgan edi.
Kotrening so‘zlariga ko‘ra, Germaniya faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan AESlarini qayta ishga tushirish uchun yadro energiyasini vaqtida tiklay oladimi yoki yo‘qmi degan savol keyinroq hal qilinadi.
- Sakkiztagacha AESni eng kam xarajat evaziga tarmoqqa qayta ulash mumkin edi, - deb hisoblaydi deputat. - Masalan, “Filippsburg” AES oxirgi marta kilovatt-soatiga 2,5 yevrotsent elektr energiyasi ishlab chiqargan. AES hamon eng tejamkor yechim bo‘lib qolmoqda. Mitti modulli reaktor texnologiyasi ulkan salohiyatga ega, ammo boshqa ko‘plab konsepsiyalar ham mavjud. Hozir atom energiyasini qayta tiklash Germaniya uchun siyosiy vazifa. Muayyan texnologiyani tanlash esa bozorning vakolati.
2011-yil o‘sha paytdagi kansler Angela Merkel boshchiligidagi Germaniya hukumati 2022-yilga kelib atom energiyasidan butunlay voz kechishga qaror qilgandi. Ushbu qaror qabul qilinishiga asosiy sabab sifatida Yaponiyadagi Fukusima AESdagi halokat ko‘rsatilgan.
S.Rahimov, O‘zA