Geografik nomlar bilan bog‘liq brendlar yanada mashhur bo‘ladi
Mamlakatimiz hududlarida geografik ko‘rsatkichlar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan noyob mahsulotlar ko‘p. “Gastronomik turizm”ni yanada rivojlantirish hududlarga sayyohlar oqimining ko‘payishiga, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilingan “Kelib chiqish joy nomlari va geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi Lissabon bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 2015-yil 20-may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun loyihasi ayni maqsadga qaratilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida ko‘plab xalqaro shartnomalarga qo‘shilyapti. Jeneva akti ham ana shunday hujjatlardan biri bo‘lib, u orqali tovar kelib chiqqan joy nomlari va geografik ko‘rsatkichlar Butunjahon intellektual mulk tashkiloti doirasidagi yagona qoidalar asosida muhofaza qilinadi.
Qayd etilganidek, geografik ko‘rsatkichlar xalqaro amaliyotda keng tarqalgan bo‘lib, birgina Yevropa Ittifoqi davlatlarida 3000 dan ortiq geografik ko‘rsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

O‘zbekistonning ushbu hujjatga qo‘shilishi mamlakatning turizm salohiyatini yanada kengaytirish, ayniqsa, geografik nomlar bilan bog‘liq hududiy brendlar mashhurligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Jeneva akti esa aynan bunday munosabatlarni xalqaro miqyoda tartibga soladi. Ya’ni, O‘zbekistonning joy nomlari bilan bog‘liq milliy mahsulotlari Jeneva akti orqali xalqaro miqyosda huquqiy jihatdan himoya qilinadi.

Bugungi kunda ushbu tizimdan 1060 ta tovar ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Deputatlar tomonidan qayd etilishicha, endilikda Jeneva aktiga qo‘shilish orqali ma’lum bir hududga xos, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilikka oid mahsulotlarimizni xalqaro darajada ham ommalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu mintaqaviy brendlarni rivojlantirish, bozor munosabatlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA