G‘allachilik va urug‘chilik sohasida xalqaro hamkorlik
Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda Rossiya Federatsiyasining Krasnodar shahrida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi.
Safar doirasida P.P.Lukyanenko nomidagi Milliy don markazida g‘allachilik sohasini rivojlantirish, seleksiya va urug‘chilik tizimini takomillashtirish, yuqori hosildor hamda iqlim sharoitiga mos yangi bug‘doy navlarini ishlab chiqarishga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Seminar davomida markazning yetakchi olimlari va mutaxassislari tomonidan so‘nggi yillarda yaratilgan istiqbolli bug‘doy navlari, ularning agrobiologik xususiyatlari, hosildorlik ko‘rsatkichlari hamda zamonaviy urug‘chilik texnologiyalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan g‘allachilik tarmog‘iga ilg‘or ilmiy yutuqlarni joriy etish, sohadagi hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashish masalalari muhokama qilinmoqda.

Tadbir doirasida Toshkent viloyati ehtiyojlari uchun yuqori reproduksiyali, hosildor bug‘doy navlari urug‘ligini yetkazib berish bo‘yicha umumiy hajmi 2,5 ming tonnani tashkil etuvchi shartnomalarni imzolash ishlari olib borildi. Shu bilan birga, delegatsiya a’zolari Milliy don markazining ilmiy salohiyati, seleksiya ishlari, urug‘chilik tizimi hamda donchilik sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va sohadagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan muzokaralar davom etmoqda.
A.Musayev.O‘zA