Sherdor madrasasi peshtoqi restavratsiya qilinadi
Bugun Samarqand shahridagi dunyoga mashhur Registon majmuasida Sherdor madrasasi fasadini AQSH elchisining madaniy yodgorliklarni saqlash jamg‘armasi (AFCP) tomonidan ajratilgan grant asosida restavratsiya va konservatsiya qilish loyihasining navbatdagi bosqichini boshlashga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi.
Marosimda shu kunlarda tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turgan AQSH Davlat kotibining jamoat diplomatiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Sara Rojers, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti boshlig‘i Gayane Umerova hamda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ishtirok etdi va mazkur loyihaning ahamiyati, undan kutilayotgan natijalar haqida so‘z yuritdi.
Qayd etilganidek, o‘tgan yil boshlangan va 2028-yilgacha davom etadigan loyiha AQSH elchisining madaniy yodgorliklarni saqlash jamg‘armasi (AFCP) tomonidan ajratilgan 500 ming dollarlik grant bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu mazkur jamg‘arma tarixida O‘zbekistonga berilgan eng yirik granti hisoblanadi.
[gallery-29765]
2001-yilda AQSH Kongressi tomonidan tashkil etilgan va Davlat departamenti tomonidan boshqariladigan AQSH elchisining madaniy yodgorliklarni saqlash jamg‘armasi (AFCP) butun dunyo bo‘ylab madaniy meros ob’ektlari, arxeologik yodgorliklar, muzey kolleksiyalari va boshqa madaniy boyliklarni asrab-avaylashni qo‘llab-quvvatlaydi. Jamg‘arma shu paytgacha turli mamlakatlarda 1200 dan ortiq loyihalarni moliyalashtirgan va AQSH madaniy diplomatiyasining eng ko‘zga ko‘ringan vositalaridan biriga aylangan.
– O‘zbekistonda AFCP tomonidan 14 ta loyiha qo‘llab-quvvatlangan va ularga 1,5 million dollar mablag‘ yo‘naltirilgan, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti boshlig‘i, O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) raisi Gayane Umerova. – Avvalgi loyihalar qatoriga Xivadagi Tosh-Hovli saroyini saqlab qolish, Qashqadaryo viloyatidagi XV asrga oid Langar-Ota majmuasini tiklash loyihalarni sanash mumkin. Sherdor madrasasi fasadini restavratsiya va konservatsiya qilish mazkur loyihalarning eng yirigi hisoblanadi. AQSH ko‘magida amalga oshirilayotgan bu loyihalar davlatimiz tomonidan madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash borasidagi ishlarga muhim hissa bo‘lib qo‘shilmoqda hamda O‘zbekistonning madaniy turizmning global markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Loyihani moliyalashtirish va amalga oshirishning umumiy nazorati AQSHning Toshkentdagi elchixonasi, idoralararo muvofiqlashtirish O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF), tiklash ishlariga rahbarlik qilish va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish O‘zbekiston Madaniy meros agentligi, texnik ekspertiza va loyihaning xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan o‘zaro aloqasini ta’minlash Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) tomonidan olib borilmoqda.
Restavratsiya loyihasi 2023-yilda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida imzolangan madaniy mulklar to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirishga hissa qo‘shadi. Shartnoma tomonlarning O‘zbekiston madaniy merosini saqlashga bo‘lgan uzoq muddatli majburiyatini aks ettiradi va ko‘p yillik Harakatlar rejasi doirasida qo‘shma hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun asos yaratadi.
Marosim davomida Jonatan Xenik va Gayane Umerova Harakatlar rejasini amalga oshirishda hamkorlik qilishga bo‘lgan umumiy majburiyatlarini tasdiqlovchi xatlarni almashdi.
– To‘rt asrlik tarixga ega Sherdor madrasasi Markaziy Osiyo xalqlarining noyob me’morchilik salohiyati, iste’dodi va ijodiy merosining yorqin namunasi bo‘lib kelmoqda – dedi AQSHning mamlakatimizdagi elchisi Jonatan Xenik. – Bizning vazifamiz bu merosni aniqlash emas, balki uni saqlashga ko‘maklashishdir. Restavratsiya, konservatsiya ishlarida qatnashayotgan usta va hunarmandlar shunchaki plitkalar, mozaikalarni qayta tiklash bilan cheklanmayapti, ular o‘zbek xalqining bir necha asrlik yodgorliklarini kelajak avlodlar uchun saqlab qolyapti, buning yangi usul va texnologiyalarini o‘zlashtirmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari aynan shu jarayonda o‘zaro hamkorlikning professional salohiyatni oshirish, mahalliy bilimlarni hurmat qilish va uzoq muddatli natijalarga erishishda o‘z o‘rni bo‘lishini istaydi.
Loyiha davomida mahalliy ustalar madaniy merosni tiklash va saqlash bo‘yicha mutaxassislar bilan yaqindan hamkorlik qilib, hunarmandchilikning uzoq yillik an’analarini zamonaviy xalqaro konservatsiya va tiklash standartlari bilan uyg‘unlashtirmoqda.
– Loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri vaqt o‘tishi bilan jiddiy shikastlangan va o‘tgan asr 70 yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli tiklash ishlari davomida kiritilgan noaniqliklarni o‘z ichiga olgan madrasa asosiy kirish eshigi ustidagi Kufiy yozuvini qayta tiklash va almashtirish edi, – deydi Madaniy meros agentligi tasarrufidagi Samarqand mintaqaviy restavratsiya markazi rahbari Bahrulla Abdullayev. – Biz tarixiy manbalarni o‘rganib, olimlar va boshqa mas’ullar tavsiyalari asosida markazimiz xodimlari, tajribali usta-restavratorlar bilan birga uch oyda kirish peshtoqida Kufiy xatida Qur’on oyatlari bitilgan koshinlarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik. Endi madrasaning asosiy elementi bo‘lgan oxuni quvib ketayotgan sher tasvirini konservatsiya qilish ishlariga kirishamiz. Chunki ayni paytda bu kompozitsiya ancha shikastlangan, turli vositalar orqali o‘z joyida tutib turilibdi. Bundan tashqari madrasaning asosiy portalidagi yillar davomida zarar yetgan mozaika va mayolika qoplamalari, dekorativ marmar elementlari, gumbaz va minoraning shikastlangan qismlarini konservatsiya qilish va tiklash ishlarini amalga oshiramiz. Bugun bu boradagi reja va loyihalarimiz haqida taqdimot qildik, olimlar va mutaxassislar bilan yana bir bor fikr almashdik.
Tadbir davomida AQSH elchixonasi vakillari joriy yilda AFCP tomonidan Registon bilan bog‘liq yana bir yirik loyiha amalga oshirilishini bildirdi. Ya’ni madaniy meros va innovatsion raqamli texnologiyalarni birlashtirgan “Abadiy Registon” loyihasi yaratiladi. Mazkur loyihada AQSH ishlab chiqilgan sun’iy intellekt va virtual reallik vositalaridan foydalanib, Registonning 3D raqamli modellari yaratiladi hamda ular orqali majmua bo‘ylab virtual sayohatlarni amalga oshirish va ta’lim yo‘nalishlarida foydalanish mumkin bo‘ladi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari