Gulistonda yangi bog‘chalar ishga tushdi
Guliston tumanida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Soyibobod” mahallasidagi 12-sonli hamda Ahmad Yassaviy mahallasidagi 9-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining yangi binolari foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev, nuroniylar, mahalla faollari, aholi vakillari, ta’lim sohasi xodimlari hamda ota-onalar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bolalarni zamonaviy va sifatli ta’lim bilan qamrab olish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat dasturi doirasida 12-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi uchun 4 milliard 600 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, 9-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi qurilishiga qariyb 5 milliard 500 million so‘m sarflangan.

Zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan mazkur muassasalarda bolalarning ta’lim-tarbiya olishi, dam olishi va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Tadbir ishtirokchilari yangi binolarda yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishib, ushbu loyihalar tumanda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish va ta’lim sifati oshishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida ishga tushirilishi bolajonlar va ularning ota-onalari uchun munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri