Farg‘ona-Turkiya: hamkorlik imkoniyatlari
Farg‘ona viloyati tashqi iqtisodiy aloqalarida Turkiyaning o‘rni salmoqli. Masalan, 2026-yilda Quva tumanida 26 gektarda Turkiyaning “Heyal Holding” kompaniyasi tomonidan ikki bosqichli loyiha qiymati 350 mln.dollar bo‘lgan “Turk maxsus sanoat zonasi” tashkil etilmoqda. U foydalanishga topshirilsa, 4 ming ish o‘rni yaratiladi.
Aynan shuning uchun ham Farg‘ona va Turkiya tadbirkorlari hamkorligi kun sayin mustahkamlanib boryapti. Ayni kunlarda Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Turkiyada bo‘lib turibdi. Bolu viloyatidagi parrandachilik kooperativida bo‘lgan muloqotlarda Beshariq, O‘zbekiston hamda Farg‘ona tumanlarida parrandachilik kooperativlarini tashkil etish bo‘yicha yirik turk investorlari bilan kelishuvlar muhokama qilindi.

Mazkur tashabbuslar orqali viloyatda parrandachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Shundan so‘ng viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaning yirik sanoat korxonalaridan biri — "Beypiliç Holding" faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
1981-yilda Anqara viloyatining Beypazari tumanida ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan kompaniya bugungi kunda bosh ofisini Bolu shahrida joylashtirgan bo‘lib, parrandachilik sohasida to‘liq integratsiyalashgan tizim asosida faoliyat yuritmoqda.

Mazkur tizim doirasida tovuq tuxumidan tortib tayyor go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar kompaniya nazorati ostida amalga oshiriladi.
Kompaniya tasarrufida zamonaviy ozuqa zavodlari, inkubatsiya markazlari va seleksiya fermalari mavjud bo‘lib, mahsulotlarni tayyorlash va ularni bozorlarga yetkazib berish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. 150 turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

E’tiborlisi, kompaniya Turkiya bo‘ylab 3000 ga yaqin mustaqil fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlik qiladi. Bu esa qishloq joylarida o‘n minglab oilalarning bandligini ta’minlaydi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari va boshqaruv tajribasi bilan tanishib, o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib bordilar.
Muhammadjon Obidov, O‘zA