Jamoat xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlik yo‘lidagi amaliy ishlar
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i, polkovnik Diyorbek Sattorov rahbarligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatida o‘rganishlar olib bormoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi tinchligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati ham mutlaqo yangi yondashuvlar asosida tashkil etilmoqda. Ayniqsa, mahallabay ishlash tizimi, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish, aholi murojaatlari bilan manzilli ishlash kabi yo‘nalishlar o‘z samarasini bermoqda.

Dastlab Ishchi guruh tomonidan Qiziltepa tumanidagi tezkor-profilaktik vaziyat tahlil qilindi. Tumanda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasidagi ishlar tahlil qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
“O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan uchrashuvda esa mahalla yettiligi, faollar va nuroniylar bilan suhbatlashilib, oilaviy muammolarni barvaqt aniqlash, ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash hamda profilaktik choralarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan ishlab chiqarish korxonalari faoliyati ham o‘rganildi. Korxonalarda aholi bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof etildi. Ayniqsa, probatsiya nazoratida turgan fuqarolarning bandligi ta’minlanayotganligi ularni jamiyatga moslashtirish va qayta tarbiyalashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.


Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, ochiq va samarali tizimga aylanib bormoqda. Bu esa yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, aholi farovonligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri