Xorijda magistratura yoki doktoranturada o‘qish bo‘yicha grant yutganda xodimning lavozimi saqlab qolinadi
Ko‘p hollarda davlat fuqarolik xizmatchisi xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun ketganida uning ish joyi saqlab qolinmayapti va u qaytib kelganda ishsiz qolayapti. Amaldagi qonunchilikda ham davlat fuqarolik xizmatchisi xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun grant yutgan taqdirda, uning ish joyi va lavozimini saqlash bo‘yicha huquqiy kafolatlar mavjud emas.
Endilikda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy malakasini oshirish kafolatlarini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan davlat xizmatchisi nufuzli xorijiy ta’lim muassasasiga magistratura yoki doktoranturaga o‘qish bo‘yicha grant yutganda, ish beruvchining yozma roziligi asosida uning ish o‘rni (lavozimi) saqlanishi taklif etilmoqda. Bunda asosiy shart — tanlangan o‘quv yo‘nalishi xodim ishlayotgan davlat organi faoliyatiga bevosita bog‘liq bo‘lishi lozim.

Shuningdek, loyihada o‘quv dasturi yakunlangandan so‘ng davlat fuqarolik xizmatchisi zimmasiga tegishli davlat organi tizimida xorijda tahsil olish davriga teng muddatda ishlab berish majburiyati yuklanmoqda.
Davlat fuqarolik xizmatchisining xorijda o‘qish davri uning mehnat stajiga qo‘shib hisoblanishi, ko‘p yillik xizmati uchun har oylik ustama belgilanishi ham belgilanyapti.
Mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasi majlisida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Deputatlar bir qator savollarni o‘rtaga tashladi va mas’ullar tomondan tegishli javoblar qaytarildi.
Ta’kidlanganidek, hujjat loyihasi davlat fuqarolik xizmatchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish, davlat organlari va tashkilotlarida professional va salohiyatli kadrlar qatlamini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Muhtarama Komilova,
O‘zA