Energetika vaziri Sirdaryo viloyatida energetika ob’ektlaridagi ishlarni o‘rgandi
Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev Sirdaryo viloyatida energetika ob’ektlarida amalga oshirilayotgan ishlar, ularning joriy holati hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.
Ishchi o‘rganish chog‘ida respublika energetika tizimi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Yangiyer” kompressor stansiyasini modernizatsiya qilish doirasida bajarilgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Loyiha Toshkent shahri hamda vodiy hududlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Boyovut tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlashga qaratilgan loyihaning borishi bilan ham tanishildi. Ayni paytda bu yerda 220/110/10 kV kuchlanishli “Go‘zal” podstansiyasini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida podstansiyaga 2 ta 110 kV kuchlanishli yacheyka o‘rnatiladi. Shuningdek, ikki zanjirli, uzunligi 6,6 kilometr bo‘lgan 110 kVli elektr uzatish tarmog‘i barpo etiladi. Bundan tashqari, quvvati 2×40 000 kVA bo‘lgan 110/35/10 kV kuchlanishli yangi podstansiya quriladi.
Mazkur ishlar “Yangi O‘zbekiston” massivining tashqi elektr ta’minoti imkoniyatlarini kengaytirish, elektr energiyasini uzatishda ishonchlilikni oshirish va iste’molchilarni barqaror ta’minot bilan ta’minlashga qaratilgan.
Sayxunobod tumanida “Farovon” MFY hududidagi kichik sanoat zonasining tashqi elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘rganildi. Bu yerda 52,3 kilometr uzunlikdagi 110 kVli elektr uzatish tarmog‘i hamda 2×40 000 kVA quvvatga ega 110/35/10 kV kuchlanishli podstansiya qurilmoqda.
Ayni paytda podstansiyaning qurilish qismi to‘liq yakunlangan bo‘lib, elektr uzatish tarmog‘ining 49,11 kilometrida sim tortish ishlari bajarilgan.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ob’ektlardagi o‘rganishlar davomida ularni kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash, qurilish-montaj ishlarini tasdiqlangan grafik asosida sifatli va o‘z vaqtida yakunlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda iste’molchilarni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, loyihalarni o‘z vaqtida yakunlash va aniqlangan masalalarni tezkor hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA