“O‘zenergoinspeksiya” yana uchta noqonuniy holatga chek qo‘ydi
Energetika sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, elektr energiyasidan qonuniy foydalanishni nazorat qilish hamda neft mahsulotlari sifatini ta’minlash borasida nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish va sifatsiz neft mahsulotlarini realizatsiya qilish bilan bog‘liq uchta qonunbuzarlikka chek qo‘yildi.
Xususan, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida fuqaro S. S.ga qarashli mehmonxona elektr energiyasidan hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulangan holda noqonuniy foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu qoidabuzarlik natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 377 million so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi.
Shuningdek, Toshkent shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “U. P.” MCHJga qarashli avtomobil yoqilg‘isi quyish shoxobchasida AI-92 markali avtobenzin laboratoriyada tahlil qilindi. Natijada mazkur neft mahsulotining davlat standarti talablariga mos kelmasligi, ya’ni sifatsiz ekani aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik uchun realizatsiya qilingan neft mahsuloti qiymatining 50 foizi miqdorida, ya’ni 10 million so‘m jarima qo‘llanildi. Bundan tashqari, AYOQSHda saqlanayotgan neft mahsuloti qoldig‘ining sifatini qayta tiklash bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berildi.
Nazorat tadbirlari davomida Guliston shahrida ham elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatiga barham berildi. Unga ko‘ra, o‘tkazilgan galdagi tadbirda “M.K.” MCHJga qarashli noturar binoda elektr hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatilgan holda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlandi.
Mazkur qoidabuzarlik natijasida elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 112 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Inspeksiya axborot xizmatining ma’lum qilishicha, aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA