Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori
Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da an’anaviy V ustozlar milliy forumi o‘tkazildi.
“Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida tashkil etilgan forum viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi jarayoniga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan boshlandi.

Ko‘rgazmadan o‘rin olgan o‘quvchi va pedagoglarning ratsionalizatorlik va ixtiro ishlari bilan tanishgan viloyat mutasaddilari ayniqsa, Namangan shahridagi “Steam Plaza” nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan vodiyda birinchilardan bo‘lib, 5-11 sinflar o‘quvchilariga mo‘ljallangan aviatsiya sinflari taqdimotiga yuqori baho berdilar. Boisi, yangi o‘quv yilidan boshlangan mazkur ixtisoslashtirilgan sinf aviatsiya sohasiga qiziqqan o‘g‘il-qizlarni oliy ta’lim muassasasiga tayyorlaydi.

Hududdagi 14 shahar, tumanlardagi 300 dan ziyod pedagoglar hamda tizim xodimlari ishtirokidagi tadbirda Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov so‘zg chiqib, Vatan ravnaqi, Yangi O‘zbekiston istiqboli va taraqqiyot odimlari ta’lim sohasi bilan, kelajagimiz egalarining har jihatdan ilmu salohiyatli, zamonaviy bilimlarni chuqur va mukammal egallagan o‘g‘il-qizlar bo‘lib kamol topishiga bog‘liq ekanligini ta’kidladi.
E’tirof etish darkor, 2026-yilning o‘zida Namangan viloyatidagi 37 ta ta’lim muassasasi dasturga kiritilib, shundan bitta yangi ixtisoslashgan maktab qurish, 22 ta maktabni rekonstruksiya va to‘rtta muassasani mukammal ta’mirlash, 10 ta bolalar bog‘chasini ta’mirlash uchun 351 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shu yil aprel oyida Namangan shahrida Ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasi yuqori saviyada o‘tkazilgani, unda 12 davlatdan 94 nafar xorijlik o‘quvchi ishtirok etib, hamyurtlarimiz 11 ta medalni qo‘lga kiritgani o‘ziga xos tarixiy voqeilik bo‘ldi.

E’tiborlisi, viloyatdagi 790 ta maktabni tamomlagan bitiruvchilarning 4 ming 283 nafari xorijiy va yurtimizning nufuzli oliy ta’lim maskanlariga muddatidan avval o‘qishga qabul qilindi. O‘tgan o‘quv yilida o‘quvchilarimiz mahalliy va xalqaro olimpiadalarda jami 19 medalga ega chiqib, shundan 17 tasi xorijda qo‘lga kiritildi.
Joriy yil fevral oyidan boshlab viloyatdagi 17 ta maktab va 18 ta bog‘chada Yaponiya tajribasi asosida tarbiya jarayonlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar boshlandi.

Bugungi kunda o‘qituvchilarning maoshi sezilarli oshirilib, 8 million so‘mdan yuqori maosh oluvchilar soni 1 ming 219 nafar, 10 million so‘mdan yuqori maosh oluvchilar esa 511 nafarni tashkil etmoqda. Oliy toifali pedagoglar soni 2017-yilda 834 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ular 6 ming 222 nafarga yetdi.
Forumda Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Isoqovning ma’ruzasi tinglanib, unda sohaga qaratilayotgan e’tibor, pedagog kasbining jamiyat, kelajak avlod oldidagi mas’uliyati, tizimda bajarilajak kelgusidagi dolzarb vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Xususan, “Yapon tajribasi – Namangan maktabi”, “Ustozdan ustozga” va “Bir ustoz – bir iqtidor” tashabbuslari ilgari surilib, pedagoglarni sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishga o‘rgatish yangi o‘quv yilining muhim vazifalaridan biri sifatida belgilandi.
Tadbir doirasida ta’lim-tarbiya sohasida yuqori natijalarga erishayotgan bir guruh faol, tashabbuskor, izlanuvchan va fidoyi ustoz muallimlar munosib taqdirlandi.
Respublika va xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyat qozongan iste’dodli o‘quvchilar ishtirokida musiqiy chiqish hamda teatr sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.