Endi “xonadonbay” ishalash tizimiga e’tibor qaratiladi
Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan “Aholiga parranda, quyon, echki, qoramol asalari uyalari tarqatish hamda aholini qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini joriy etish yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalar” asosida seminarlar o‘tkazilmoqda.
Tadbirda Prezidentimizning 2021 yil 3 martda qabul qilingan “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2021 yil 14 iyunda imzolangan “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hozirga qadar viloyatning Chiroqchi, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlarida bu kabi uchrashuvlar o‘tkazildi.
Maqsad har bir xonadonni qamrab olish bo‘lib, “xonadonbay” yurish tizimini samara berishini ta’minlash. Shuningdek, tegishli hujjatlar asosida subsidiyalar ajratish, klaster va kooperatsiyalar tashkil etish haqida tushuntirishdan iborat.

– Eng avvalo, aholiga tashkilotlar va fermer xo‘jaliklari orqali parranda, quyon, qo‘y, echki, qoramol va asalari uyalari yetkazib berishni yo‘lga qo‘yamiz, - deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A. Xaitov. – Keyin tayyor mahsulotni sotib oladigan klaster va kooperatsiyalarni tashkil etishimiz lozim. Bunda esa bizga tuman hokimlarining mahallalardagi yordamchilari boshchiligidagi ishchi guruhi yaqindan ko‘mak beradi. Ular “Xonadon daftari”ni yuritishi va amalga oshirilgan ishlarni qayd etishi kerak.
–
Yakkabog‘ tumanida mo‘ljallangan seminar Esat qishlog‘ida yashovchi Rustam Qudratov xonadonida o‘tkazildi. –10 sotix tomorqa va 40 boshdan ziyod qo‘chqor oilamiz to‘kinligini ta’minlashda qo‘l kelmoqda, – deydi R. Qudratov. – Yaqinda 25 bosh qo‘chqorni sotib, yaxshigina daromad ko‘rdik. Bundan tashqari xonadonimdagi maxsus kataklarda tovuq, kurka, o‘rdak, g‘oz va quyon parvarishlaymiz. Bundan ham yaxshigina mablag‘ topamiz. Veterinar bilan doim maslahatlashib turamiz.
Bir so‘z bilan aytganda, bu yangi tizim zamirida ham muhim jihat: natijaga ishlashdek, hayotiy mezon mujassam. Natija nimadan iborat? Natija yurtimiz aholisining islohotlardan mamnunlik tuyg‘usi bilan yashashlariga erishishdir.