Ustozlarga yuksak e’tirof
Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasini tubdan takomillashtirish, o‘qituvchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Mamlakatimizda ustozlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish, ular uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik, avvalo, yosh avlod tarbiyasi va ta’limi uchun fidokorona mehnat qilayotgan pedagoglarni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Qurbon hayiti bayrami arafasida Buxoro viloyatidan ta’lim-tarbiya jarayonida yuqori natijalarga erishgan, o‘zining samarali faoliyati bilan namuna bo‘lib kelayotgan maktab direktorlari hamda ilg‘or pedagoglar uchun ikki kunlik madaniy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Unda viloyatning turli shahar va tumanlaridan jami 350 nafar ustoz ishtirok etmoqda.
Sayohatdan ko‘zlangan asosiy maqsad pedagoglarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik va yangilanish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, ularning yozgi ta’til oldidan mazmunli hordiq chiqarishlarini ta’minlashdan iborat.
Sayohatning dastlabki manzili qadimiy va navqiron Samarqand shahri bo‘ldi. Pedagoglar yurtimizning eng muqaddas ziyoratgohlaridan biri sanalgan Imom al-Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash yo‘lidagi sa’y-harakatlar bilan tanishdilar. Muhtasham majmuadagi sayohat ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirib, ularning ma’naviy olamini yanada boyitishga xizmat qildi. Shundan so‘ng delegatsiya mamlakatimiz poytaxti — Toshkent shahriga yo‘l oldi. Bu yerda ustozlar uchun maxsus madaniy dastur tashkil etildi. Bayramona tadbir ishtirokchilar uchun haqiqiy hordiq va zavq manbaiga aylandi.
Tadbirda taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan diltortar kuy-qo‘shiqlar, milliy va zamonaviy taronalar, rang-barang chiqishlar bayramona muhitni yanada fayzli qildi. Ustozlar uchun tashkil etilgan mazkur kecha ularning kayfiyatini ko‘tarib, mehnat faoliyati davomidagi charchoqlarini unuttirdi hamda yangi o‘quv yili oldidan kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.
[gallery-29703]
Bunday madaniy-ma’rifiy sayohatlar pedagoglarning dunyoqarashini kengaytirish, ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish va kasbiy faoliyatiga yangi ruh bag‘ishlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu kabi e’tibor va e’tirof ustozlarga bo‘lgan yuksak hurmatning amaliy ifodasi sifatida ularni yangi marralar va yanada yuksak yutuqlar sari ilhomlantiradi.
Zarif Komilov, O‘zA