Elchi Serjio Gor Buxoroning tarixiy va madaniy merosi bilan tanishdi
AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor O‘zbekistonga tashrifi doirasida qadimiy va navqiron Buxoroda bo‘ldi.
Buxoro xalqaro aeroportida nufuzli mehmonni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar kutib oldi.
Tashrif avvalida elchi Buxoroning ko‘p asrlik tarixi, yuksak me’moriy tafakkuri va noyob madaniy merosini o‘zida mujassam etgan tarixiy obidalar bilan tanishdi. Xususan, Ismoil Somoniy maqbarasi, Bolo Hovuz masjidi, Ark qo‘rg‘oni, Minorai Kalon, Nodir Devonbegi madrasasi hamda Labi Hovuz majmuasi mehmonda katta taassurot qoldirdi.
Ziyorat qilingan har bir tarixiy qadamjo Buxoroning nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tarixidagi yuksak o‘rnini yaqqol namoyon etadi. Asrlar davomida ilm-fan, ma’rifat, savdo va madaniyat markazi bo‘lib kelgan Buxoro bugun ham Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy muloqotning muhim maskanlaridan biri sifatida o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.


Ayniqsa, tarixiy obidalarning bugungi kunga qadar asrab-avaylanib, xalqaro sayyohlik va madaniy diplomatiyaning muhim nuqtalariga aylantirilayotgani O‘zbekistonda milliy merosni muhofaza qilishga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda Buxoroning tarixiy qiyofasini saqlash, uning turistik salohiyatini yanada oshirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish va shaharni xalqaro madaniy muloqot maydoniga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar Buxoroning tarixiy merosini asrash bilan birga, uni yangi iqtisodiy va diplomatik imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda.
Serjio Gorning Buxoroga tashrifi ham ana shu nuqtai nazardan muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, diplomatik munosabatlar faqat rasmiy uchrashuvlar va siyosiy muloqotlar bilangina emas, balki xalqlarning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini o‘zaro anglash orqali ham mustahkamlanadi.
Buxoroning noyob merosi bilan tanishuv AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni insonparvarlik, madaniy muloqot va o‘zaro hurmat tamoyillari asosida yanada boyitish uchun muhim ramziy qadam bo‘ldi.
Qadimiy Buxoroning bugungi taraqqiyot ruhi bilan uyg‘unlashgan qiyofasi esa O‘zbekistonning tarixiy merosga tayanib, zamonaviy va ochiq davlat sifatida rivojlanish yo‘lida dadil odimlayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri