“Qo‘yliq” bozorida sharoitlar yaxshilanmoqda
Mo‘l hosil bozorlarga arzonchilik olib kiradi. Dehqon va xaridor uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish qanchalik muhim? Poytaxtdagi bir bozor misolida bu o‘zgarishlarni ko‘rib chiqamiz.
Bu yilgi dehqonchilik mavsumi bobodehqonlarimizga qulay va sermahsul keldi. Ob-havo o‘z saxovatini ayamadi. Dehqonchilik uchun keng maydonlar ajratilishi, agrar tarmoqdagi islohotlar bozorlarimizning to‘kisligini ta’minlamoqda. To‘g‘ri, qaysidir bir mahsulot qimmatlagan bo‘lishi mumkin, lekin aholining kundalik ehtiyoji uchun meva-sabzavotlar narxlari baribir bozorlarimizda arzon.
Saxovatli zaminimiz tortiq qilgan kuz ne’matlaridan xalqimizni bahramand qilish, bozorlarimizda narxlar mo‘’tadilligini ta’minlash maqsadida fermerlarimiz o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarini “daladan dasturxonga” tamoyili asosida arzon narxlarda poytaxt savdo rastalariga olib kelishlari uchun ham bozorlar isloh qilinmoqda.

Masalan, “Qo‘yliq” dehqon bozori Bektemir tumanining ijtimoiy va iqtisodiy hayotidagi markazlaridan biri. Bu yerda har kuni xaridorlar, sotuvchilar va dehqonlar uchrashadi. Shu bois, savdo-sotiq qulay va xavfsiz sharoitda amalga oshirilishi, mahsulotlar esa sanitariya talablariga javob berishi muhim ahamiyatga ega.
Bozorda keyingi yillarda katta qurilishlar bosqichma-bosqich olib borildi. Bu ishlarni rejalashtirishda aholi va savdo ishtirokchilarining murojaatlari, shuningdek, avtoturargoh hamda hududga kirib-chiqish qulayligi masalalari inobatga olindi. Hududga videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Sanitariya talablariga rioya etilishi bo‘yicha tekshiruvlar va fitosanitariya nazorati muntazam o‘tkazilmoqda. Sotuvchilar o‘rtasida bu borada doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib borilyapti. Xaridorlar uchun turli to‘lov usullaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

–Sharoitlar yaxshi emas edi, qor-yomg‘irlarda soyabon qo‘yib o‘tirar edik, – deydi ushbu bozor sotuvchisi Yulduz Qodirova. – Ta’mirdan keyin joylar yorug‘, keng bo‘ldi, xaridorlarga ham qulay bo‘ldi.
–Judayam chiroyli sharoitlarga ega bo‘ldik, – deydi yana bir sotuvchi Fotima Abduhamidova. – Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab turgan Prezidentimizga katta rahmat.

Xullas bozordagi kim bilan gaplashmaylik yaratilgan sharoit va tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlardan mamnun. Yo‘laklar keng bo‘lgani aholiga ham qulaylik yaratmoqda.
–Rastalarning barchasi yangidan qilindi va raqamlashtirildi, – deydi “Qo‘yliq” dehqon bozori nazoratchisi Mahmud Husanov. – Asfalt qilinib, avtoturargoh maydoni kengaytirildi, kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Tomlarimiz yangilandi. Biz bu ishlar bilan to‘xtab qolmaymiz. Tadbirkor va dehqonlarimizga qulay sharoitlarni yaratishda davom etamiz.

Albatta, bu chora-tadbirlarning barchasi bozorga keluvchilar va sotuvchilarning faoliyati uchun yanada qulay hamda xavfsiz sharoit yaratish, shuningdek, aholining oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj mollari, jumladan, dehqonchilik mahsulotlariga bo‘lgan talabini uzluksiz qondirishga qaratilgan.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA