Ekologik barqarorlikka erishish — ekologik islohotlarning bosh mezoni
Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik yubileyini keng nishonlashga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 35 yil tarixan qisqa muddat bo‘lsa-da, bu yillar mamlakatimiz taraqqiyotida, yurtdoshlarimiz hayotida ulkan natijalar qayd etilgani bilan tarixiy davrga aylandi.
Birgina ekologik siyosat doirasida so‘nggi yillarda ko‘plab muhim ahamiyatli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, ekologik barqarorlik aholi sog‘lig‘i va hayoti, bugunimiz va kelajagimiz bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan masaladir. Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar va natijalar haqida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Xayrulla G‘afforov O‘zA muxbiriga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

— Davlatimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida mamlakatimizda barcha sohada kechayotgan rivojlanish pallalarini sarhisob qilar ekanmiz, albatta, keng ko‘lamli natijalarga guvoh bo‘lamiz. Shu bilan birgalikda, ekologik siyosat davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini alohida ta’kidlash lozim.
Avvalgi yillarda sohada qonunchilikni takomillashtirish, huquqiy bazani rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bevosita natijadorlikka, ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan ishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birinchi navbatda, yangilangan Konstitutsiyamizda ekologik normalarning aks ettirilishi, aholimizning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan ishlar davlat tomonidan mustahkamlab qo‘yilgani katta voqelik hisoblanadi.
Bundan tashqari, hozirgi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi va unga moslashish, bu yo‘ldagi institutsional o‘zgarishlarni alohida ta’kidlash lozim. Avval ijro hokimiyati tarkibida bo‘lgan vazirlik hozirgi kunda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga aylantirilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga hisobdor etib belgilandi. Bu, o‘z navbatida, ushbu organning vakolatlarini yanada kengaytirdi.
Bundan tashqari, 2018-yilda davlatimiz rahbari tomonidan Orol bo‘yi va uning qurigan tubida o‘rmonlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha tashabbus ilgari surilgandan keyin hozirgi kunga qadar 2 million gektardan ortiq maydonda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
2021-yilda esa «Yashil makon» umummilliy loyihasi bo‘yicha tashabbus ilgari surildi. Har yili 200 milliondan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, yashillik darajasini oshirish bo‘yicha ishlar amalga oshirib kelinmoqda. 2030-yilgacha yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, har bir fuqaroga to‘g‘ri keladigan yashillik maydonini 10 kvadrat metrga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini alohida qayd etish lozim.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishlariga moslashish uchun davlat miqyosida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning tegishli farmoni bilan Iqlim kengashi tuzildi. Parlamentda ham iqlim komissiyasi tashkil etildi va bu komissiya vakillari qonunchilikni takomillashtirish, iqlim o‘zgarishlariga moslashish yo‘lida o‘z fikr va takliflari bilan ishtirok etib kelmoqda.
Iqlim o‘zgarishlariga moslashish yo‘lidagi eng katta ishlardan biri sifatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishni aytib o‘tish lozim. 2019-yilda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi qabul qilingan bo‘lsa, unda 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya ulushini 25 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan edi. Endi esa 25 foiz emas, balki 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 54 foizga yetkazish bo‘yicha katta marra olindi.
Bu nima beradi? Birinchidan, energetik barqarorlikni ta’minlash imkonini beradi. Ikkinchidan, tabiiy resurslarning tejalishiga, atrof-muhitga zararli ta’sirlarning kamayishiga zamin bo‘ladi. Biz ko‘proq issiqlik elektrostansiyalaridan foydalanamiz. Agar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini ko‘paytirsak, issiqlik elektrostansiyalariga ehtiyojimiz ham kamayadi. Natijada ulardan atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar kamayishiga erishiladi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Ayniqsa, mustaqillikka erishgan paytimizga nisbatan hozirgi kunga qadar qariyb 20 foiz atrofida suv resurslaridan kamroq foydalanilyapti. Qurg‘oqchilik yillarida yanada kamroq foydalanilyapti: ilgari 63 milliard kub metr suv ishlatgan bo‘lsak, hozirgi kunda 50 milliard, qurg‘oqchilikda esa 45 milliard kub metr suv ishlatilyapti.
Buni biz qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanish yo‘lida juda katta ishlar qilingani bilan ham izohlashimiz lozim. Hozirgi kunda sug‘oriladigan yerlarning qariyb 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Bular lazerli tekislash, yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridir. Bu ham, o‘z navbatida, mintaqada yuzaga kelayotgan suv muammolarining oldini olish maqsadida ushbu texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.
Yana bir yo‘nalishga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu bioxilma-xillikni saqlash yo‘nalishidir. Bioxilma-xillikni saqlashda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning o‘rni beqiyos. Yaqin yillargacha ham muhofaza etiladigan tabiiy hududlar 8 foizga yetmasdi, hozirgi kunda esa 14,2 foizdan ortganini ta’kidlashimiz lozim.

Cho‘llanishga qarshi kurashish borasida ham qator ishlar amalga oshirilyapti. Nafaqat Orolning qurigan tubida, balki cho‘l hududlarida ham cho‘lga chidamli o‘simliklarni ekish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani e’tiborga molik.
Umuman olganda, ekologik barqarorlikka erishish sohasida bir qator konsepsiya va strategiyalar qabul qilingan. Birgina «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida ham qator maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan. Bu ko‘rsatkichlarga erishish, albatta, fuqarolarimizning ekologiya sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA